Qashqadaryodagi “temir daftar”da roʻyxatda boʻlgan kam taʼminlangan oilalarga FAO tomonidan issiqxonalar oʻrnatib berildi

    Ijtimoiy hayot 15 Yanvar 2021 1652

    FAO 14 ta kichik issiqxonani Qashqadaryo viloyati aholisiga begʻaraz taqdim etdi. FAOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan yana 20 ta yangi kichik issiqxonani topshirish marosimi ham tez orada Buxoro viloyatining Buxoro tumanida boʻlib oʻtadi.

    Qamashi tumanining bir nechta oilasi oʻz xoʻjaligini kengaytirish va shu orqali daromadlarini oshirish uchun yangi imkoniyatlarga ega boʻldi. Tumanidagi tomorqa yer egalariga begʻaraz yordam sifatida 14 ta yangi issiqxonani topshirish tadbiri boʻlib oʻtdi. Yordam FAO va va Global ekologik jamgʻarmaning “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” loyihasining global koronavirus inqiroziga qarshi ijtimoiy-iqtisodiy choralar doirasida amalga oshirildi.

    “Ushbu yordamni koʻrsatishga qaror qilish orqali qishloq xoʻjaligini ishlab chiqarish xarajatlarini iqtisod qilishni, pandemiya va karantin davrida oʻz-oʻzini oziq-ovqat bilan taʼminlashni, shuningdek, butun dunyoda virus bilan boʻlgan eng ogʻir vaziyat tugaganidan keyin tomorqa yer egalariga rivojlanish imkoniyatlarini taqdim etishni maqsad qildik”, - dedi loyihaning mintaqaviy koordinatori Maxmud Shaumarov.

    Eslatib oʻtamiz, 2020-yilda karantin davrida maʼlum qiyinchiliklarga duch kelgan qishloq aholisini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 31 ta suv nasoslari, 10 ta moto-kultivator, shuningdek 30 ming dona pomidor, bodring, baqlajon, qalampir koʻchatlari va 10,750 kg mineral oʻgʻitni Buxoro viloyatining Buxoro tumani hamda Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumani aholisini qoʻllab quvvatlash maqsadida yetkazib berildi. Ayni kunlarda CACILM-2 loyihasi qishloq aholisiga yordam berishni davom ettirmoqda va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga oʻz hissasini qoʻshmoqda.

    Issiqxonalarni qabul qilish va topshirish dalolatnomasini imzolash marosimi Qamashi tumani hokimligida boʻlib oʻtdi. Hujjatga koʻra, “Sarkash”, “Badaxshon” va “Loyqasoy” qishloq fuqarolar yigʻinlarining 14 xonadonlarida yangi issiqxonalar oʻrnatildi.

    “FAO tomonidan koʻrsatilgan yordam temir daftarda roʻyxatda boʻlgan kam taʼminlangan oilalar, shuningdek karantin paytida ishsiz boʻlgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar tanlab olingan. Oʻtgan yil davomida FAOning tumanimizda olib borayotgan loyihasi tufayli bir qator ijobiy natijalarga erishildi. Biz eng chekka aholi punktlari aholisini ish bilan taʼminlash va daromadlarini koʻpaytirish, ularning turmush darajasini oshirish maqsadida hamkorlikni rivojlantirishda davom etamiz” - dedi Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani hokimi Botir Togʻayev.

    Keyinchalik, hokimiyat vakillari va FAO mutaxassislari yangi issiqxonalarni oʻrnatish jarayoni bilan tanishdilar, shaxsiy tomorqa egalari bilan suhbatlashdilar.

    “Issiqxona qulay va zamonaviy. Unda turli xil ziravorlar, kashnich va sarimsoq kabi ekinlarni ekdik. Umid qilamizki, yil davomida turli ekinlarni yetishtirib yaxshigina daromad olishimiz mumkin. Agar harakat qilinsa, 10-15 million soʻm foyda koʻramiz degan umiddaman. Keyinchalik biz bodring va pomidor yetishtiramiz. Yordam uchun minnatdorlik bildiramiz, mening oilam juda ham xursand. Bu bizning roʻzgorimiz uchun juda katta yordam”, - deydi yangi kichik issiqxonalardan birining egasi Muzaffar Jovqiyev.

    FAOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan yana 20 ta yangi kichik issiqxonani topshirish marosimi ham tez orada Buxoro viloyatining Buxoro tumanida boʻlib oʻtadi.