Qashqadaryodagi to‘y kortejida mashina oynasidan tanasini chiqarib pul sochgan kuyovjo‘ralar jazolandi

    Soxta pul sochish jarayonida operatorlik qilgan videotasvirchiga ham chora ko‘rildi.

    Avvalroq, ijtimoiy tarmoqda Qashqadaryodagi to‘yda kuyovning do‘stlari avtomashina harakatlanishi vaqtida oynadan tanasini chiqarib, soxta pullar sochgani aks etgan video tarqaldi. Viloyat IIB holat yuzasidan ma’lumot berdi.

    Ma’lum bo‘lishicha, Chiroqchi tumanida yashovchi fuqaroning nikoh to‘yi munosabati bilan to‘plangan uning tanishlari ikkita Lacettida harakatlanish davomida soxta pullarni sochib, tomosha ko‘rsatishgan. Bir nafar videotasvirchi esa tanasini mashina oynasidan chiqarib, holatni videoga olgan. Holat yuzasidan surishtiruv olib borilganda haydovchilar 23 yoshgacha bo‘lgan yigitlar ekani aniqlandi. Ularning ko‘pchiligi ota-onasining mashinalarini olib chiqishgani ma’lum bo‘ldi.

    “Mashinaning oynasidan tanamni chiqarib videoga olganimni kuyovning do‘stlari suratga olib, internetda tarqatib yuborgan ekan. Qilgan ishimdan pushaymonman”, — deydi tasvirchi.

    Shuningdek, haydovchi ham tasvirchining bu ishiga beparvolik qilganini tan olib, uzr so‘radi. Avtomobillarini o‘g‘illariga bergan otalar bu ishidan pushaymonligini bildirishdi.

    Avtomashina egalari va videotasvirchiga MJtKning 138-moddasi 4-qismi bilan jarima jazosi tayinlandi.