Xabaringiz boʻlsa, 2022-yilning dekabr oyida barcha hududlarda “Hokim va yoshlar” uchrashuvlari tashkil etildi. Qashqadaryo viloyat hokimi Murotjon Azimov ham viloyatlik yoshlar bilan uchrashdi.

Qarshi shahridagi 4-umumiy oʻrta taʼlim maktabining 9-sinf oʻquvchisi tahsil olaman, shu bilan birgalikda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyati “Ittifoq” sardoriman. Men ham viloyatimizda “Hokim va yoshlar” uchrashuvi boʻlishi eshitib, ushbu uchrashuvda ishtirok etishga qaror qildim. 21-dekabr kuni Qarshi davlat universitetining Yoshlar markazida Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimovning yoshlar bilab uchrashuvida ishtirok etdim.

Hokim yoshlarga oid davlat siyosati doirasida mamlakatimizda olib borilayotgan ishlar, oʻtkazilayotgan tadbirlar haqida soʻz yuritib, yoshlar jamiyatning eng ilgʻor qatlami sifatida hamisha qoʻllab-quvvatlanishi, ularning har jihatdan barkamol shaxs boʻlib voyaga yetishlarini taʼminlash hukumat eʼtiboridagi eng asosiy vazifa ekanini taʼkidladi.

Keyin hokim biz yoshlardan taklif va muammolarimizni soʻradi. Soʻzga chiqqanlar tengdoshlarim orasida men ham oʻz avvaldan oʻylab yurgan taklifimni bildirdim: eng iqtidorli va namunali qashqadaryolik maktab oʻquvchilariga “Viloyat hokimi stipendiyasi”ni joriy etishini soʻradim. Murotjon Berdialiyevich taklifimni qoʻllab-quvvatlab, tez orada stipendiyani joriy etish boʻyicha qaror qabul qilinishini taʼkidlab oʻtdi.

Aynan maktab oʻquvchilari orasidan eng iqtidorlilari saralanib ragʻbatlantiriladigan tizim boshqa xorij mamlakatlari tadqiqotlariga koʻra, oʻquvchilarning oʻqishga nisbatan raqobati asosida ancha yaxshi natijalarga erishish mumkin.

Qarorga koʻra, 2024-2025 oʻquv yilidan boshlab maktab oʻquvchilari oʻrtasida eng namunali va iqtidorli oʻquvchilar uchun “Viloyat hokimi stipendiyasi“ joriy etiladi.

Ushbu stipendiya tanlov asosida tashkil qilinib, taʼlim, madaniyat, sport, fan, innovatsiya, AyTi sohalarida yutuqlarga erishgan viloyatdagi 7—11-sinf maktab oʻquvchilariga taqdim etiladi. Stipendiya tanlovida oʻquvchining yillik fanlarni oʻzlashtirishi, tanlagan yoʻnalishi boʻyicha erishgan yutuqlari, AyTi sohasidan xabardorligi, namunali xulqi hamda xorijiy tillarda erkin suhbatlashish qobiliyatlariga alohida eʼtibor qaratiladi.

Mana shu kabi oʻquvchilarni qoʻllab-quvvatlash, Muhtaram yurtboshimiz tomonidan maktab oʻquvchilarining kamida 2 til oʻrganishlari, shuningdek, oʻquvchilarning kompyuter texnologiyalardan oqilona foydalanishi toʻgʻrisidagi saʼy-harakatlarining natijasi sifatida bilamiz.

Shu fursatdan foydalanib, tengdoshlarimga faqat va faqat oʻqib izlanishlarini, yurtboshimiz tomonidan yaratib berilgan barcha imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda Vatanimizga sodiq farzand boʻlib yetishish yoʻlida bir zum ham toʻxtamasliklarini soʻrayman.

Mirfayzbek Abdullayev,

Qarshi shahridagi 4-maktabning 9-sinf oʻquvchisi