Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida yashovchi er xotinini bog'lab qo'yib, qiynayotgani aks etgan videolavha tarqaldi. Ma'lum bo'lishicha, 26 yoshli ayol turmush o'rtog'idan muntazam ravishda kaltak yeb kelgan, Rossiyada ishlovchi onasi va akasining oldiga ketayotganida eri tomonidan ushlab olinib, oyoq-qo'li bog'lab qo'yilgan. Mazkur holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmati rasmiy munosabatni e'lon qildi.

Unda aytilishicha, Mazkur holat Shahrisabz shahar, “Qushxona” MFYda 2018-yildan buyon qonuniy nikohdan o'tib yashab kelgan 1992-yilda tug'ilgan fuqaro Sh.M. va 1997-yilda tug'ilgan fuqaro Y.S.lar o'rtasida o'zaro oilaviy kelishmovchiliklar tufayli 2020-yilda sodir etilgani aniqlandi. Fuqaro Y.S. (ayol) yuqoridagi holat bo'yicha ilgari ichki ishlar organlariga murojaat etmagan.

Shuni ta'kidlash joizki, er-xotin Sh.M. va Y.S. o'rtasida 2022-yil iyun oyida ham janjal bo'lib, mazkur holat JIB Shahrisabz tuman sudida ko'rib chiqilib, sudning 2022-yil 26-iyul kunidagi qaroriga asosan, ayolning turmush o'rtog'i Sh.M. O'zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 41-moddasi va va 52-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan ma'muriy huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, jarima jazosi qo'llanilgan.

Hozirgi kunda (alohida yashayotgan) er-xotin bilan bog'liq tarqalgan videorolik yuzasidan Shahrisabz shahar IIB TB tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.