Qoʻshni viloyatning Pastdargʻom tumani Gumbaz mahallasida istiqomat qiluvchi Islom Gʻaniyev 27 yoshda. 2019-yilda Samarqand tibbiyot institutini tamomlagan. Yaqinda uylangan.
-Oʻzim yashaydigan hududda yarim stavkada ishlayman, - deydi Islom. – Chunki mutaxassis koʻp, ish oʻrni kam. Bu yerda mutaxassislarga ehtiyoj katta ekanligini eshitib, qoʻshimcha ish izlab kelgandim. Shoʻrquduqdan ellik kilometrlik masofada yashayman. “Matiz”im bor, qatnab ishlashim mumkin...
Ravshan Toʻlakov yosh shifokorni shu yerga koʻchib kelib, Shoʻrquduq oilaviy shifokorlik punktiga 1,5 stavka oilaviy shifokor hamda hududdagi “Tez tibbiy yordam” shoxobchasiga navbatchi shifokor boʻlib ishlashga taklif etdi. Agar Islom tuman hokimi bilan belgilangan tartibdagi shartnomani imzolasa, nafaqat besh million soʻmdan ziyod ish haqiga ega boʻlishi, balki Prezidentimiz tomonidan belgilangan bir qator imtiyozlarni qoʻlga kiritishi, jumladan, 30 million soʻmlik bir martalik toʻlov, xizmat uyi yoxud ijara toʻlovi bilan taʼminlanishini maʼlum qildi.

Bu kabi imtiyoz va qulayliklardan ruhlangan yosh mutaxassis mamnuniyat bilan hududda ishlashga rozilik bildirdi. Boshqarma boshligʻi unga qulayliklar yaratilishini shaxsan oʻzi nazorat qilishini qayd etib, oilasini ham ishga joylashtirishni oʻz zimmasiga oldi.
-Islombek kabi yosh va sergʻayrat mutaxassislar Shoʻrquduq singari shifokorlar yetishmaydigan olis hududlarimizga juda zarur, -deydi Ravshan Toʻlakov. – Ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatish, barcha qulayliklarni yaratib berish - burchimiz.
R.Toʻlakov hudud oqsoqollariga, faxriy oʻqituvchilarga mahalliy yoshlarni tibbiyot institutlarida oʻqishga yoʻnaltirish orqali mazkur muammolarni yechish taklifini bildirdi. Ularga qoʻshimcha kvotalar berish boʻyicha tegishli tartiblar belgilanganligini maʼlum qildi.



Shu kuni boshqarma boshligʻi Shoʻrquduq oilaviy shifokorlik punkti, mazkur punktga qarashli “Umakay” tez tibbiy yordam shoxobchasi, tuman tibbiyot birlashmasining 2- Koʻkdala hududiy shifoxonasi faoliyati bilan tanishdi va shifokor hamda hamshiralarga tegishli tavsiyalarni berdi. Xonadonlarda boʻlib, olib borilgan tibbiy xatlov sifati va samaradorligini nazoratdan oʻtkazdi.