Bitimda ikki davlat oʻrtasida oʻzaro manfaatli siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan asosiy ustuvor yoʻnalishlar belgilanmoqda.
Jumladan, Bitimda koʻlamdor maqsadlarni koʻzlagan taʼlim va ilm-fan, sogʻliqni saqlash, madaniyat va madaniy meros, turizm, sport kabi muhim sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish, shuningdek iqtisodiyot, boshqaruv, diplomatiya va turizm sohalarida kadrlar tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish boʻyicha tajriba almashishga qaratilgan birgalikdagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, ushbu hujjatda xalqaro shartnomalarga muvofiq oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish va ragʻbatlantirish hamda xususiy sektorlardagi qoʻshma korxonalarni tashkil qilish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni koʻrish nazarda tutilmoqda.
Hujjatda xalqaro terrorizm va ekstremizmga, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, qurollarning noqonuniy muomalada boʻlishiga, uyushgan jinoyatchilikka, odam savdosiga qarshi kurashish va ularni bartaraf etish mexanizmlarining samaradorligini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish va birlashtirish boʻyicha aniq va rejali choralar belgilanmoqda.