Uchrashuvlar chogʻida Oʻzbekiston uchun GSP dasturining benefitsiar maqomini qayta tiklash, mamlakatimizning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha ishchi guruhning 7-yigʻilishini tashkil etish, ikki tomonlama savdo munosabatlarida toʻsiqlarni bartaraf etishga moʻljallangan qoʻshma maslahat platformasini yaratish doirasida hamkorlikni faollashtirishga hamda investitsiyalarni oʻzaro himoya qilish va ikki tomonlama soliqqa tortishdan saqlanish boʻyicha hukumatlararo bitimlarni tayyorlash yuzasidan muzokaralar jarayonini boshlashga kelishildi.
Shuningdek, “yashil masalalar kun tartibi”, “inson kapitalini rivojlantirish”, xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish, iqtisodiyotda davlat rolini kamaytirish, xususiylashtirish hamda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish kabi ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirish rejalashtirildi.
Amerika kiyim-kechak va poyabzal assotsiatsiyasi, Starlink, Medtronic, Colourizd, Pfizer, B2Gold, Morgan Stanley, Akin Gump, Cerberus Frontier va boshqa yirik kompaniyalar rahbariyati bilan ham muzokaralar olib borildi.
Banklar, kimyo korxonalari va uyali aloqa kompaniyalarini xususiylashtirish, innovatsion vaksinalar ishlab chiqarish, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoatiga ilgʻor texnologiyalar va dasturiy taʼminotni joriy etish loyihalarini amalga oshirish maqsadida toʻgʻridan-toʻgʻri AQSH investitsiyalarini jalb etish masalalari kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.