— Bolalarda uchraydigan adenoid kasalligi haqida maʼlumot bersangiz? Uning asoratlari onkologik kasallikka olib kelishi mumkinmi?

— Adenoidlar – bu burun-halqum yoʻli limfoid toʻqimasi murtaklarining yalligʻlanish natijasida kattalashishi. Koʻpincha 12 yoshgacha bolalarda uchraydi. Tez-tez shamollash, nafas olish va eshitish qiyinlashishi, xurrak otish, bosh ogʻriqlari va boshqalar bu kasallikning alomatlari hisoblanadi.

Bugungi kunda tibbiyotimiz bu kasallikni oʻz vaqtida aniqlash va davolash boʻyicha katta imkoniyatlarga ega. Bu kasallik, agar adenoid deb toʻgʻri tashxis qoʻyilgan boʻlsa va oʻz vaqtida davolansa u saratonga aylanmaydi.

— Osteogen sarkomaning ilk belgilari maʼlumot bersangiz.

— Osteogen sarkoma bolalarda eng koʻp uchraydigan suyak toʻqimasida rivojlanadigan xavfli oʻsma kasalligidir. Bu kasallikning ilk belgilari zararlangan sohada shish paydo boʻlishi, tunlari kuchli ogʻriq, paypaslanuvchi hosilaning paydo boʻlishi bilan kechadi. Kasallik rentgenologik va marfologik usulda tekshiriladi.

— Bolalar onkologiyasining bugungi eng muhim yutuqlari haqida ham soʻzlab bersangiz.

— Bugun Oʻzbekistonda bolalar onkologik kasalliklariga aniq, tez tashxis qoʻyish imkoniyatlari yuqori. Bu borada oʻsma markerlari bilan ishlash, immunogistoximik tahlillar zamonaviy standartlar asosida oʻtkaziladi. Bundan tashqari, MSKT, MRT, PET, raqamli rentgen, doppler kabi zamonaviy tibbiy texnologiyalar tibbiyot amaliyotiga chuqur kirib kelishi kasallikka erta bosqichlarda aniq tashxis qoʻyish imkoniyatini kengaytirmoqda. Tabiiyki, saraton qancha erta aniqlansa, bemorlarning salomatligini asrash imkoniyati ham shuncha yuqori boʻladi.

Bolalar onkologiyasida bugun bir qator yangi zamonaviy jarrohlik amaliyotlari ham samarali qoʻllanilayapti. Bular tayanch harakat tizimi oʻsmalarida suyak autoplastika operatsiyalari, suyak koʻchirib oʻtkazish amaliyotlari, yirik boʻgʻimlarni endoprotezlash operatsiyalari, buyrak, qorin parda osti sohasi, kichik chanoq boʻshligʻi oʻsmalarida ham yangicha operatsiya usullari muvaffaqiyatli qoʻllanilayapti. Albatta, tibbiyotimizning bunday ilgʻor yutuqlari bemorlar sogʻligʻini tiklashda muayyan yutuqlarga zamin boʻlmoqda.

Biroq, har qanday kasallik kabi bolalarda uchraydigan xavfli oʻsma kasalligini ham davolashdan oldini olish osonroq. Buning uchun esa oilalarda tibbiy madaniyatning yuqori boʻlishi muhim omil sanaladi. Ishonamanki, tibbiyotimizning birlamchi boʻgʻinida ish olib borayotgan patronaj hamshiralarimiz bu borada tibbiyotimiz oldida turgan muhim vazifalarni bajarishda faollik va tashabbuskorlik koʻrsatib, tibbiyot rivoji va xalqimiz salomatligini yaxshilashga munosib ulush qoʻshadilar.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.