Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati maʼlum qildi.
DXXning viloyat boshqarmasi tomonidan bojxona hamda ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda Urgut tumanida oʻtkazilgan tadbirda katta miqdorda giyohvand modda savdosiga chek qoʻyildi.
Maʼlumotlarga koʻra, 1966-yilda tugʻilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi uchun sudlangan shaxs oldindan kuzatuvga olingan. U 993 gramm “opiy” moddasini shartli xaridorga 15 ming AQSH dollari evaziga sotish paytida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan. Tekshiruvlarda modda Tojikistondan kontrabanda yoʻli bilan olib kirilgani aniqlangan.
Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 28, 246-moddasi 2-qismi (kontrabanda) va 273-moddasi 5-qismi (giyohvand vositalarni oʻtkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Gumonlanuvchiga qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Qonunchilikka koʻra, mazkur moddalarda nazarda tutilgan jinoyatlar uchun 10-yildan 20-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.








