Unda Senat aʼzolari, vazirlik va idoralarning sohaga oid mutaxassis xodimlari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan seminarda qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiya samaradorligi va tejamkorligi sohasida ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish borasida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan fikr almashildi.

Mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari hamda aholini, shuningdek, sanoatni bozor munosabatlariga oʻtkazish, eskirgan infratuzilmani yangilash, respublikamizda isteʼmolchilarning energiya resurslariga oʻsib borayotgan talabini qondirish maqsadida sohada tizimli islohotlar olib borilmoqda.

Xususan, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish, energiya tejamkorlikka erishish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish va bu borada aholini qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”gi, “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunlar takomillashtirildi, mazkur yoʻnalishni rivojlantirishga qaratilgan bir qator Prezident qarorlari qabul qilindi.

Qayd etilgan qonunchilik hujjatlariga muvofiq Oʻzbekistonda 2030-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining 25 foizidan koʻprogʻiga yetkazish maqsad qilib olgan.

Ayni paytda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish maqsadida koʻrilayotgan chora-tadbirlar natijasida birgina 2022-yilning 1- yarim yilligi yakuni bilan 817,16 million kub/metr tabiiy gaz, 447,0 million kVt/soat elektr energiyasi va 8,3 ming tonna neft mahsulotlari iqtisod qilingan.

Shuningdek, bugungi kunda umumiy qiymati 1438,7 million soʻmga teng elektr energetika, energiya tejamkorlik, muqobil energiya manbalari sohalariga oid 4 ta “startap” loyihalari amalga oshirilyapti.

Bundan tashqari, 2020-2022-yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida energetika sohasida umumiy qiymati 1,88 milliard dollardan ortiq boʻlgan jami 8 ta loyiha boʻyicha ishlar tashkil etilgan.

Seminarda qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiya samaradorligi va tejamkorligi sohasida amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda sohada ayrim kamchilik va muammoli masalalar saqlanib qolinayotganiga eʼtibor qaratildi.

Xususan, respublikadagi bino va inshootlar, ijtimoiy soha va turar joy obyektlarida energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, ijtimoiy soha obyektlarini qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, energiya samarador va energiya tejovchi boshqa uskunalar bilan jihozlash hamda qayta tiklanuvchi energiyadan elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga mahalliy tadbirkorlik subyektlarini jalb etish masalalariga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.

Seminarda koʻrsatib oʻtilgan masalalarni hal etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.