Qarorga koʻra, Bojxona qoʻmitasi tomonidan:
- 2024-yil 1-fevralgacha “Yashil energiya” axborot tizimi toʻliq funksional rejimida ishga tushiriladi va Energetika vazirligiga oʻtkazilishi taʼminlanadi;
- “Yashil energiya” axborot tizimining uzluksiz ishlashi va kiritilayotgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi doimiy nazorat qilinadi.
Quyidagilarga ruxsat beriladi:
qayta tiklanuvchi energiya manbalari va ularning asbob-uskunalari, xomashyo, butlovchi va ehtiyot qismlarini import qilishda bojxona toʻlovlarini 120 kun muddatga foizlar undirilmagan holda kechiktirib toʻlashga;
mazkur import qilish faoliyati bilan 3-yildan ortiq davr mobaynida shugʻullanayotgan, bojxona toʻlovlari boʻyicha majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarib kelgan tadbirkorlarga 6 oy muddatga bojxona toʻlovlarini taʼminlash qoʻllanilmagan holda, bojxona toʻlovlarini boʻlib toʻlashga.
Bunda tadbirkorlar tomonidan oxirgi 3-yil davomida toʻlangan bojxona toʻlovlarining miqdori toʻlov muddati uzaytiriladigan summaning 50 foizidan oshmaydigan miqdorini tashkil etishi lozim.
2024-yil 1-martdan texnik hujjatlarida yoki markirovkasida quyosh elementlarining sifat koʻrsatkichlarini ifodalovchi “A”, “V”, “S” va “D” tegishli sinfi toʻgʻrisidagi axborotlar mavjud boʻlmagan quyosh panellarini chetdan olib kirish taqiklanadi.
Quyosh panellari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi tasdiqlanishi majburiy boʻlgan mahsulotlar roʻyxatiga kiritiladi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va ularning asbob-uskunalari, xomashyo, butlovchi va ehtiyot qismlarining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiqligini baholash boʻyicha sinov laboratoriyasi faoliyati tashkil etiladi.
Import qiluvchilar tomonidan “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali “Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” DUKning muvofiqlikni baholash organlariga qayta tiklanuvchi energiya manbalari va ularning asbob-uskunalari, xomashyo, butlovchi va ehtiyot qismlarini sertifikatlashtirish uchun ariza yuborish imkoniyati yaratiladi.