Energetika vazirligi huzurida tashkil etilgan Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutida Qayta tiklanuvchi (quyosh, shamol, biogaz, geotermal energiya va boshqalar) va vodorod energetikasi texnologiyalarini sinash va sertifikatlash laboratoriyasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Bugungi kunda Institutda ushbu sohada bir qator ilmiy va amaliy ishlar olib borilyapti. Jumladan Osiyo taraqqiyot bankining texnik koʻmagi asosida fotoelektr modullarini sinovdan oʻtkazish laboratoriyasining bazaviy hamda konseptual dizayni ishlab chiqilib, xalqaro standartlar talablari asosida oʻndan ortiq zamonaviy oʻlchov qurilmalari bilan jihozlandi.

Innovatsion rivojlanish vazirligining ilmiy, innovatsion va tijoratlashtirishga tayyorlash loyihalari asosida quyosh fotoelektrik modullarini sinovdan oʻtkazish stendlari yaratilib Institut ilmiy xodimlarini Yaponiya, Germaniya, Ispaniya, Xitoy, Hindiston, Rossiya davlatlarining sinov laboratoriyalarida malakasi oshirildi.

Oʻzbekiston hududi keskin kontinental iqlimiy mintaqada joylashganligi, yoz va qish fasllarida kun davomida havo haroratining keskin oʻzgarishlari, shuningdek yogʻingarchilik kunlarining koʻpligi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida yuqori sifatli texnologiyalardan foydalanishni talab etadi.

Shu munosabat bilan, Institutda quyosh fotoelektr modullarini sinovdan oʻtkazishga moʻljallangan laboratoriya Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi tomonidan DSt IS0/IEC 17025-2019 standart talablari asosida baholandi va 2022-yil 18-apreldan boshlab 5 yil muddatga OʻZAK.SL.OI85-son bilan davlat reyestriga kiritildi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Buning natijasida, mamlakatimizga chet davlatlaridan olib kirilayotgan fotoelektr modullarni chiqish parametrlarini sinov laboratoriyasida oʻlchash natijalari asosida meʼyoriy hujjatlarga muvofiqligi aniqlanadi. Natijada Respublikamizga sifatli fotoelektr modullarni kirib kelishi taʼminlanadi.

Quyosh fotoelektr modullarni sinovdan oʻtkazish laboratoriyasi DSt IS0/IEC 17025-2019 standart talablari asosida baholanganligi va akkreditatsiyadan oʻtganligi sababli nafaqat respublikamiz, balki qoʻshni davlatlardan ham buyurtma olishi va ularning texnologiyalarini sinovdan oʻtkazishi mumkin.

Respublikamizda tashkil etilgan va akkreditatsiyadan oʻtgan Quyosh fotoelektr modullarini sinovdan oʻtkazishga moʻljallangan laboratoriya Quyosh energetikasi texnologiyalarini sinash va sertifikatlash sohasidagi boshlangʻich qadam boʻlib hisoblanadi. Ushbu sinov laboratoriyasi faoliyati kengaytirilib qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasi rivojlanishi, yurtimizda jahon standartlariga mos stansiyalar barpo etilishiga va bu isteʼmolchilarni uzluksiz hamda sifatli elektr energiyasi bilan taʼminlashga xizmat qiladi.