Qibraydagi “Imkon”ga A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti rahbariyati tashrif buyurdi

    Ta'lim 21 Aprel 2022 2858

    Avvalroq xabar berganimizdek, Oʻzbekistonga A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti rahbariyati tashrif buyurgan.

    Bugun mehmonlar Maktabgacha taʼlim vazirligi tasarrufidagi Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan “Imkon” reabilitatsiya markaziga ega boʻlgan koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyati bilan tanishdi.

    Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan “Imkon” reabilitatsiya markaziga ega boʻlgan koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti 150 quvvatga ega boʻlib, bugungi kunda 100 nafarga yaqin — nutqida ogʻir nuqsonlari boʻlgan bolalar, eshitishida ogʻir nuqsonlari boʻlgan bolalar, koʻrishida ogʻir nuqsonlar boʻlgan bolalar, psixik rivojlanishda kechikayotgan bolalar, aqli zaif boʻlgan bolalar, tayanch harakatida nuqsoni boʻlgan bolalarda sogʻlomlashtirish ishlari hamda taʼlim-tarbiya ishlari olib borilyapti. Ushbu MTTda 2 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan maxsus ehtiyojli bolalar hafta davomida 5 kun, 24 soat davomida shifokorlarning doimiy nazorati ostida sogʻlomlashtirish ishlari hamda “Ilk qadam” davlat oʻquv dasturi boʻyicha taʼlim-tarbiya olyapti.

    Bugungi kunda 150 nafar tarbiyalanuvchilarga moʻljallangan “Imkon” reabilitatsiya markazi ega boʻlgan koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti Nukus shahri (Qoraqalpogʻiston Respublikasi) va Toshkent viloyatining Qibray tumanida zamonaviy talablar asosida qurilib faoliyatini boshlagan.

    Mehmonlar tashkilotga tashrif davomida tashkilot xodimlari bilan muloqotda boʻlib, ularning mutaxassisligi va taʼlim olgan oliygohlari bilan qiziqdi, deb xabar beradi Maktabgacha taʼlim vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: Ushbu tashkilotda pedagoglar jamoasi 15 nafar tarbiyachi, 16 nafar tarbiyachi yordamchisi, 13 nafar defektolog, 1 nafar psixolog, musiqa xodimi va jismoniy tarbiya oʻqituvchisidan iborat. Mehmonlarning fikricha, Oʻzbekistonda imkoniyati cheklangan shaxslarning jamiyatda oʻz oʻrniga ega boʻlishi uchun, maktabgacha taʼlim tizimidanoq samarali ishlar boshlangan. Bu albatta quvonarli ekanligini taʼkidladi.

    Maʼlumot oʻrnida shuni taʼkidlash lozimki, hozirgi kunda Oʻzbekistonda yangi avlod maktabgacha taʼlim tashkilotlari hamda koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari tizimida rivojlanishida orqada qolgan bolalar uchun qulay va xavfsiz muhitni yaratish boʻyicha barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Zamonaviy jamiyatning muhim vazifalaridan biri — bu alohida ehtiyojli bolalarga gʻamxoʻrlik qilish va ularga birinchi navbatda inklyuziv taʼlimni joriy etish orqali sifatli taʼlim olishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishdir.

    Bu esa kelajakda koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun pedagog kadrlar hamda defektolog, logoped kabi mutaxassislarning koʻlamini kengaytirish maqsadga muvofiq demakdir.