“Kichkina bo'lsa ham, bog'ing va kutubxonang bo'lsa, sen hech narsaga muhtoj emassan”, degan edi qadimgi Rim faylasufi Tsitseron. Bog'siz-ku, yashash mumkindir, lekin insonni kamolotga chorlovchi kitob va kutubxonalarsiz tafakkurimiz o'tmaslashib, qalbimizni qorong'ulik qoplagandek bo'laveradi.
Ikki-uch yil burun Qibray tumanidagi “Zebuniso” mahallasida “Obod mahalla” loyihasi doirasida kitobxonlikning inson kamolotidagi ahamiyatini inobatga olgan holda, yangi bino barpo ettirib, kutubxona qurib berilgan edi. YAqinda kitob olish uchun o'sha ziyo maskaniga bordim. Ming afsuski, qaysidir bir uddaburon “tadbirkor” tayyor binoni egallab, o'z manfaati yo'lida savdo do'koniga aylantirib olibdi.
Bugun tuman va shahar markazidagi mahallalar bilan bir qatorda chekka hududlardagi yig'inlarda ham kutubxonalar tashkil etilyapti. Binobarin, mutolaaga oshnolik nafaqat ma'naviyatni yuksaltiradi, balki fikrlash qobiliyati, nutq madaniyatini boyitadi, dunyoni tanitadi, ezgulik va adolat sari etaklaydi. Bu o'rinda faqatgina mahalla binosining o'zida ziyo maskani tashkil etilmayapti, tashabbuskor fuqarolar o'z uyida, ishxonasida, qishlog'ida jamoat kutubxonalarini ochish harakatiga tushgani quvonarlidir.
Shunday bir paytda “Zebunniso” mahallasi, qolaversa, Qibray tumani mutasaddilarining bu ishga panja ortidan qarayotganini qanday izohlash mumkin? Yoki qibrayliklar kitob o'qimaydimi?
Ismoil ABDULLAEV,
mehnat faxriysi, Qibray tumani