Eʼtiborlisi, ushbu dasturlarda 4 nafar vakilimiz finalgacha yetib bordi. Dastlab rapira bahslarida Marjona Usmonova tailandlik raqibasini ishonchli hisobda magʻlub etdi. Shpaga bahsida esa hamyurtimiz Meyirxan Timurov qozogʻistonlik raqibiga atigi 1 ochko farqi bilan imkoniyatni boy berdi.

Sablya yoʻnalishidagi sof oʻzbekcha oʻtgan final bahsida hamyurtimiz Islambek Abdazovning qoʻli baland keldi. Allaniyaz Eshchanov esa kumush medal bilan cheklandi.

Qilichbozlik boʻyicha oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasidagi Osiyo chempionatining ikkinchi kuni ham terma jamoamiz uchun muvaffaqiyatli oʻtib, yakunda vakillarimiz bitta oltin, ikkitadan kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritishdi.

Bugun oʻsmir yoshidagi qizlar shpaga hamda sablya, yigitlar esa rapirada kuch sinashishdi. Unda sablyachimiz Fernanda Errera Lara barcha raqibalarini magʻlubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor boʻldi. Ahamiyatlisi, u hal qiluvchi bahsda boshqa bir vakilamiz Ayakoz Jumamuratova ustidan gʻalaba qozondi. Ushbu yoʻnalishda bronza medali ham terma jamoamiz aʼzosiga nasib etdi, Samira Shakirova shohsupaning uchinchi pogʻonasiga koʻtarildi.

Rapirachimiz Radmir Semyoneyev finalda gonkonglik raqibiga imkoniyatni boy berib, kumush medal sohibiga aylangan boʻlsa, Aziza Hamidova shpaga dasturida bronza medali bilan taqdirlandi.

Shu tariqa vakillarimiz shaxsiy birinchilikda 3ta oltin, 4ta kumush va 2ta bronza medalini qoʻlga kiritishdi.