4-martga qadar davom etadigan ushbu musobaqada qitʼamizning eng sara yosh qilichbozlari gʻoliblik uchun bahs olib boradi. Bellashuvlar boʻlib oʻtayotgan Singapur menejmentni rivojlantirish institutida (MDIS) musobaqaga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda Osiyo qilichbozlik konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salim bin Sulton Al Qosimi, Pan Amerika qilichbozlik konfederatsiyasi prezidenti Vitaliy Logvin, MDIS rektori Jasur Salihov, Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi bosh kotibi Gulnora Saidova, shuningdek, OAV xodimlari ishtirok etdi.
Dastlab, Sulton Al Qosimi musobaqaning ahamiyati haqida gapirib oʻtdi.
– Shuni alohida taʼkidlamoqchimanki, Oʻzbekiston hukumati qilichbozlik boʻyicha oʻtkaziladigan xalqaro musobaqalar va tadbirlarimizni qoʻllab-quvvatlab, uni yuqori saviyada tashkil etishimizda yordam beradi. Buning uchun mamlakatingizga tashkilotimiz nomidan chuqur minnatdorchiligimizni yoʻllamoqchimiz. Musobaqa qitʼamizning yosh yulduzlarini kashf etish yoʻlida juda muhim, – dedi OQK rahbari.
Shundan soʻng asli oʻzbekistonlik Vitaliy Logvin xalqaro maydonda oʻzbek qilichbozligining erishib borayotgan muvaffaqiyati xususida gapirdi:
– Avvalambor, men uchun qadrli Oʻzbekistonda boʻlganimdan mamnunman. Har gal Toshkentga kelar ekanman, ulkan oʻzgarishlarga guvoh boʻlyapman. Bu mamlakat prezidenti olib borayotgan islohotlarining samarasi. Buni birgina qilichbozlik sportida ham koʻrayotganimizni alohida eʼtirof etmoqchiman. Oʻzbek qilichbozligi bir necha yil avval yangi tugʻilish davrini boshladi va tez suratlarda ijobiy natijalarga erishmoqda. Zaynab Dayibekova misolida aytishimiz mumkinki, bu terma jamoa vakillarini katta kelajak kutmoqda, – dedi u.
Anjuman davomida Gulnora Saidova rivojlanish strategiyasi yoʻlida tuzilgan rejalar bilan oʻrtoqlashdi.
– Ulkan yutuqlarga erishish yoʻlida ushbu sport turining mamlakatimizdagi ommaviyligini oshirish ham juda muhim. Bu yoʻlda dastlab yoshlar va oʻsmirlar oʻrtasidagi turli nufuzli musobaqalarni oʻtkazyapmiz. Ularda toʻplangan tajriba orqali kelgusida kattalar toifasidagi turnirlarni qabul qilamiz. Aytish mumkinki, xalqaro federatsiya hozirdanoq bir qator musobaqalarni bizga ishonib topshirmoqchi. Rejamizda kelasi yildan kattalar oʻrtasidagi Jahon kubogini qabul qilish maqsadi bor, – dedi federatsiya bosh kotibi.
Anjumanda institut rektori bu kabi xalqaro musobaqalarni qabul qilish orqali talabalar orasida ommaviy sportni yanada targʻib qilish, ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish koʻzda tutilganiga alohida toʻxtaldi. Shuningdek, OAV vakillari ushbu musobaqa va uning atrofidagi tadbirlar boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.
Osiyo chempionati doirasida bugun oʻsmir qizlar rapira, yigitlar esa shpaga hamda sablya qurollarida gʻoliblik uchun bahs olib borishmoqda, deyiladi MOQ matbuot xizmati xabarida.