Ayni masala Markaziy Osiyoda yagona xom ashyo markaziga daʼvogar Oʻzbekiston uchun dolzarb sanaladi. Uchrashuvda taʼkidlanganidek, mamlakatimizda terini qayta ishlash boʻyicha yirik quvvatlar mavjud. Bugungi kunda respublikamizda 30 dan ortiq terini qayta ishlash korxonalari faoliyat olib boradi. Ushbu korxonalarda yiliga 1,641 milliard detsimetr teri qayta ishlanadi. Mamlakat terini qayta ishlab undan tayyor va yarim tayyor charm mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha ulkan zaxiraga ega. Ayni vaqtda qoramol terisini toʻliq qayta ishlash maqsadida Turkmaniston va Qozogʻistondan teri xom ashyosi import qilinyapti. Mamlakatimizda tayyorlangan qoʻshilgan qiymatga ega tayyor va yarim tayyor charm mahsulotlar keyinchalik MDH mamlakatlariga eksport qilinadi. Ayni yoʻnalishdagi hamkorlikdan Qirgʻiziston ham manfaatdor.
Mamlakatlarimiz oʻrtasida bir vaqtning oʻzida bir nechta yoʻnalishlarda hamkorlik kutilyapti. Birinchi yoʻnalish, Qirgʻizistondan Oʻzbekistonga teri yetkazib berish boʻyicha munosabatlarni yoʻlga qoʻyish. Buning uchun hamkor tomon teri xom ashyosini yetkazib berishda milliy va xalqaro talablarni oʻrganib chiqishi va ularga qatʼiy amal qilishi lozim.
Ikkinchi yoʻnalish, Oʻzbekiston hamkor davlatga kushxonalar, ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashadi. Shuningdek, ularning xorijiy sifat standartlariga javob beradigan ilgʻor avtomatlashtirilgan uskunalar bilan jihozlanishiga yordam berishi mumkin. Muloqotda shu maqsadda Oʻzbekistonning zamonaviy soʻyish korxonalari vakillari ham ishtirok etdi. Ular tomonidan “Kalit taslim etish” usulida hamkorlik qilish boʻyicha takliflari oʻrganib chiqildi.
Hamkorlikning uchinchi yoʻnalishi – ikki davlatning profil uyushmalari oʻrtasida kooperatsiya aloqalarni yoʻlga qoʻyish sanaladi. Buning natijasida charm-poyabzal sanoatida eksport-import operatsiyalarini yoʻlga qoʻyish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, mavjud korxonalarni modernizatsiya qilish va rivojlantirish boʻyicha tajriba almashiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikning har bir yoʻnalishini batafsil oʻrganib chiqish va Qirgʻizistonga biznes-turlar tashkil etishga kelishib oldilar, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.