Qirgʻiziston charm sanoati yoʻnalishidagi qoʻshma invest loyihalarni oʻz hududida amalga oshirish taklifini bildirdi

    Biznes 23 Oktabr 2024 403

    “Oʻzcharmsanoat” uyushmasida Qirgʻiz Respublikasining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Musa Jamanbayev bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Muloqotda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini kengaytirish, qoʻshma invest loyihalarni amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi.

    Dastlab tomonlar charm sanoati sohasida ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarning bugungi holatini muhokama qildilar. Amalga oshirilgan ishlar tahlil etilib, kelgusidagi vazifalar yuzasidan fikr almashildi. Qirgʻiz respublikasi elchisi charm sanoatini rivojlantirishda Oʻzbekiston tajribasini oʻrganish, yirik mahalliy korxonalarimiz ishtirokidagi qoʻshma invest loyihalarni qoʻshni davlatda amalga oshirish taklifini bildirdi.

    Shuningdek, tomonlar junni qayta ishlash va teri xom ashyosini yigʻib olishda oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish tashabbusini muhokama qildilar. Elchining soʻzlariga koʻra, bugungi kunda Qirgʻizistonda teri xom ashyosini qayta ishlash yetarli darajada boʻlmagani bois, koʻp qismi tashlab yuborilyapti.

    Muloqot soʻngida tomonlar ikki davlat tadbirkorlari ishtirokida charm sanoat sohasida biznes turlar va muzokaralar platformasini tashkil etishga kelishib oldilar, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.