Bu haqda uning matbuot kotibi Askat Alagozov maʼlum qildi, deya xabar beradi 24.kg.
U Prezident mazkur jinoyat haqidagi xabarni katta afsus bilan qabul qilganini taʼkidladi.
Shu munosabat bilan Japarov Prezident Administratsiyasining huquqiy taʼminlash boshqarmasi rahbari Murat Ukushevga qonunchilikka oʻzgarishlar kiritish vazifasini topshirdi. Yangi normalar bolalar, qizlar va ayollarga qarshi jinoyatlar uchun jazoni maksimal darajada ogʻirlashtirishni koʻzda tutadi.
Jumladan, bolalarni zoʻrlash, shuningdek, ayolni zoʻrlab oʻldirish kabi jinoyatlar uchun oʻlim jazosini joriy etish taklif qilinmoqda.
Prezident Sadir Japarov taʼkidlashicha, bolalar va ayollarga qarshi sodir etilgan jinoyatlar jazosiz qolmasligi shart.
Shuningdek, Qirgʻiz Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik muhokamasi yagona portalida “Fuqarolar takliflari” boʻlimida ham tegishli tashabbus eʼlon qilindi. Unda jinoyat kodeksiga oʻzgarish kiritib, ayniqsa, voyaga yetmaganlarning hayoti va jinsiy daxlsizligiga qarshi ogʻir jinoyatlar uchun oʻlim jazosi belgilash taklif etilmoqda.
Xususan, ayrim takliflarda shafqatsizlik bilan sodir etilgan qotillik, voyaga yetmagan shaxsni oʻldirish, zoʻrlash yoki boshqa jinsiy zoʻravonlik harakatlari bilan uygʻun qotillik holatlar uchun oʻlim jazosi joriy etish koʻzda tutilgan
Eslatib oʻtamiz, 2008-yilda tugʻilgan qizaloq 27-sentyabrda yoʻqolgan edi. Uning jasadi Jol-Arik qishlogʻi yonidan topildi. Qizaloq zoʻrlanib, boʻgʻib oʻldirilgani aniqlandi. Terguvchilarga koʻra, 1984-yilda tugʻilgan, oldin sudlangan erkak ayblanuvchi sifatida qoʻlga olingan.