Qirgʻiziston tashqi ishlar vazirligi maʼlumotiga koʻra, mamlakat hukumati koronavirus tarqalishi munosabati bilan havo qatnovi orqali tashrif buyuruvchi xorijliklarga nisbatan joriy etilgan cheklovlarni bekor qilgan. Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi va boshqa vakolatli davlat organlari tomonidan 2021-yilda oʻtkaziladigan navbatdan tashqari prezident va parlament saylovlariga xalqaro kuzatuvchi sifatida taklif etilgan xorijliklarning kelishiga oid barcha cheklovlar ham bekor qilingan.
“2020-yilning 4-dekabridan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda muntazam aviareyslar orqali Qirgʻiziston Respublikasiga kelishlari mumkin”, — deyilgan tashqi siyosat mahkamasi veb-saytida.
“Manas” “Oʻsh” va “Issiqkoʻl” aeroportlari nazorat punktlarida joriy qilingan cheklovlar bekor qilingan. Mamlakatga kirib kelayotgan xorijliklar kelishidan uch kungacha boʻlgan muddatda koronavirus infeksiyasini aniqlash boʻyicha topshirgan PZR-test natijalarini oʻzi bilan birga olib kelishi shart.
Parvozning uzoq davom etishi yoki reys kechikishi oqibatida PZR-test natijalarining amal qilish muddati oʻtib ketgan boʻlsa, u holda chet elliklar mamlakatga kirib kelgan zahoti qayta sinovdan oʻtishi kerak, deyiladi Qirgʻiziston tashqi ishlar vazirligi tarqatgan maʼlumotda.
Sogʻliqni saqlash vazirligining rasmiy maʼlumotlariga koʻra, Qirgʻizistonda 74 ming 973 kishida COVID-19 qayd etilgan boʻlib, oʻtgan bir sutka davomida 328 ta yangi kasallanish holati aniqlangan. Oʻtgan kun davomida 455 kishi uy sharoitida davolanib, koronavirusdan sogʻaygan (pandemiya boshlanganidan buyon jami 66 ming 993 ta holat). 6-dekabr holatiga koʻra, qoʻshni davlatda COVID-19 bilan bogʻliq 1 ming 295 oʻlim holati qayd etilgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.