Buning zamirida farzandlarni ota-onalarining masʼuliyatsiz xatti-harakatini takrorlashdan asrashga boʻlgan katta ijtimoiy-siyosiy iroda borligini bu shahar-davlat rivojlanish yoʻlini tahliliy oʻrgangan har bir kishi sezishi qiyin emas.

Bugungi Oʻzbekistonning ijtimoiy siyosati zamirida ham fuqarolarni katta-katta maqsadlar sari ruhlantirish maqsadi jamlangan. Buning uchun huquqiy, iqtisodiy va maʼnaviy asoslar hozirlangan va bu jarayon tizimli davom etmoqda. Jumladan, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda Oʻzbekistonning ijtimoiy davlat sifatidagi maqomi belgilandi. Bundan tashqari, Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirishga asosiy eʼtibor qaratilgan.

Shu kunlarda yana bir muhim rivojlanish pallasidamiz. Tegishli platformalarda Prezidentning “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi loyihalari muhokamada boʻlib turibdi.

Albatta, bu loyihalarga xalqimiz alohida qiziqish bilan qaramoqda. Buni muhokamaga kelib tushayotgan takliflardan ham bilish mumkin. Chunki xalqimizning oʻz fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslari inobatga olinishiga ishonchi ortgan.

Biz bugun “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining birinchi – har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish, deb nomlangan va 44 maqsadni oʻz ichiga olgan yoʻnalishda koʻzda tutilgan taʼlim tizimi islohotlari mohiyati haqida toʻxtalmoqchimiz. Zero, bugungi globallashuv davrida taʼlim masalasi barchamiz uchun nihoyatda muhim va ahamiyatlidir.

Maktabgacha taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqish hamda bolalarning toʻliq qamrovini taʼminlash maqsadida 2030-yilgacha bolalarning maktabgacha taʼlim va tayyorlov guruhlari bilan qamrov darajasini 100 foizga yetkazish marrasi koʻzlanmoqda.

Eʼtibor bering, bu yerda 100 foizlik koʻrsatkich haqida gap ketmoqda. Yaqin yillargacha biz shunday boʻlishi mumkinligi haqida yorugʻ tasavvurga ega emasdik. Chunki hayotdagi real manzaralar va maktabgacha taʼlim tizimidagi holat koʻp narsalarni orzu qilishga ham yoʻl qoʻymas edi.

Bu dunyoda ota-ona borki, farzandini har tomonlama sogʻlom, hech kimdan kam qilmasdan, esli-hushli qilib voyaga yetkazishni orzu qiladi. Shu orzuning eng boshida esa farzandini bogʻchaga berish masalasi turadi. Endi bir oʻylab koʻring, agar biz maktabgacha yoshdagi barcha farzandlarimizni bogʻcha taʼlimi bilan qamrab olsak, yurtimizdagi barcha ota-onalarning katta bir orzusi roʻyobga chiqishiga erishamiz. Va bu, oʻz navbatida, jamiyatda koʻtarinki kayfiyat va hayotdan rozilik muhitiga asos boʻlib xizmat qiladi. Qolaversa, mamlakatimiz yoshlarining barkamol avlod boʻlib voyaga yetishi uchun mustahkam tamal toshi qoʻygan boʻlamiz.

“Oʻzbekiston – 2030”da yana bir muhim masala – umumiy oʻrta taʼlim tizimida “Taʼlim uchun qulay muhit” dasturini amalga oshirish maqsadi koʻzda tutilmoqda.

Unga koʻra, 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab har yili 500 ming yangi quvvatlarni tashkil etib borish, oʻquv oʻrinlari sonini 7,5 milliongacha yetkazish, barcha umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini toza ichimlik suv va zamonaviy sanitariya-gigiyena infratuzilmasi bilan toʻliq taʼminlash, 2,5 million oʻquvchi oʻrniga ega maktablar qurishga 8 milliard dollar ajratish maqsad qilingan.

Bu islohotlar maktabgacha taʼlim tizimidagi marralarning mantiqiy va uzviy davomi sifatida ahamiyatlidir. Maktablarni toza ichimlik suv va zamonaviy sanitariya-gigiyena infratuzilmasi bilan toʻliq taʼminlashning oʻziyoq sogʻlom avlod tarbiyasida qanchalik muhim ekanini bugungi sharoitda anglashimiz gʻoyat muhim. Chunki iqlim oʻzgarishlari, atrof-muhitning bugungi tahlikali holati taʼsirida keyingi yillarda yangi infeksiyalar tarqalayotgani, davosi mushkul boʻlgan kasalliklar endi yoshlarda ham uchrayotgan hech kimga sir emas.

Shunday vaziyatda kunning yarmini, baʼzan asosiy qismini taʼlim muassasalarida oʻtkazadigan farzandlarimiz salomatligi maktabda ham eʼtiborga olinishini davlatimizning yosh avlodga nihoyatda katta gʻamxoʻrligi sifatida qabul qilamiz.

Yana bir muhim maqsad – pedagog kadrlar maqomini oshirish, ularning bilimi va malakasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish ham zamon talabi sifatida kun tartibiga qoʻyilmoqda.

Buning uchun ming nafar tarbiyachi va oʻqituvchini xorijiy mamlakatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuborish, boshlangʻich sinf oʻqituvchilarining oʻquv yuklamasini 16 soat, yuqori sinf oʻqituvchilariga esa 18 soat etib belgilash, maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim muassasalari pedagog xodimlari ish haqini 2 barobar oshirish, maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining 500 ming xodimi malakasini uzluksiz oshirib borish rejalashtirilmoqda.

Endi oʻylab koʻring, xorijda malaka oshirib qaytgan, oʻquv yuklamasi kamaygan, ish haqi sezilarli oshgan oʻqituvchining dunyoqarashi, oʻz kasbiga, taʼlim tizimiga, oʻquvchilariga munosabati qanchalik ijobiy tomonga oʻzgaradi. Bu bilan taʼlim sifati va samaradorligi ortib boraveradi.

Umuman olganda, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi birinchi yoʻnalishidagi 44 maqsadni amalga oshirish jamiyatda yuksak salohiyat formulasiga asos boʻlishi kutilmoqda. Bu formulaning hayotiyligi shundaki, farzand tugʻilishi va uning har tomonlama sogʻlom voyaga yetishi bilan shakllangan mukammallik muhiti jamiyatimizning yangi koʻtarinki qiyofasiga asos boʻladi. Shu tariqa, biz koʻzlagan Uchinchi Renessans hodisasiga ishonchli va asosli zamin yaratiladi.

Lutfulla SUVONOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri