“Qishloq xoʻjaligi kooperativi toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi

    Qonun qishloq xoʻjaligi kooperativining tashkil etilishi, faoliyati, qayta tashkil etilishi va tugatilishi sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.

    Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

    Qonunga koʻra, qishloq xoʻjaligi kooperativi – qishloq xoʻjaligi faoliyatini amalga oshirish uchun pay usuliga, jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning ixtiyoriy ravishda birlashishiga asoslangan mustaqil tijorat tashkiloti hisoblanadi.

    Kooperativ qishloq xoʻjaligi sohasida xizmatlar koʻrsatish bilan bir qatorda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va realizatsiya qilish, shuningdek qonunda taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shugʻullanish huquqiga ega.

    16 yoshga toʻlgan jismoniy shaxslar, shuningdek kooperativ ustavi talablariga javob beradigan yuridik shaxslar kooperativ aʼzolari boʻlishi mumkin.

    Kooperativ aʼzolarining reyestri kooperativ boshqaruvi tomonidan yuritiladi va unda kooperativning har bir aʼzosi toʻgʻrisida tegishli maʼlumotlar koʻrsatiladi.

    Davlat organlari, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslar kooperativning qonunchilikka muvofiq amalga oshirayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emas.

    Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.