Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali subsidiya ajratiladi

    Agrosektor 19 Dekabr 2022 1907

    Hukumat qarori (711-son, 16.12.2022-y.) bilan “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga subsidiya berish” axborot tizimi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi

    Nizom bilan “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va subsidiya olishga talabgorlarning arizalarini koʻrib chiqish va ularga subsidiya ajratish tartibi belgilandi.

    Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” davlat muassasasi “Agrosubsidiya” axborot tizimining operatori hisoblanadi.

    “Agrosubsidiya” ATning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

    ▫️talabgorlar tomonidan subsidiya olish uchun arizalar elektron shaklda yuborilishini hamda ushbu xizmatdan xavfsiz va kafolatli foydalanishni taʼminlash;

    ▫️talabgorlarga ularning manzilli roʻyxatga kirishi yoki subsidiya olish uchun yuborilgan arizalarni koʻrib chiqishning holatini va bosqichlarni koʻrib borish imkoniyatini yaratish;

    ▫️talabgorlarga ular tomonidan yuborilgan arizalar vakolatli davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan koʻrib chiqilishi natijalarini (xulosalar) kuzatib borishni taʼminlash;

    ▫️vakolatli organlar tomonidan talabgorlar yuborgan arizalarni koʻrib chiqish va ularga elektron shaklda xulosa berish.

    Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni qoʻllab-quvvatlash uchun subsidiyalar “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali beriladi.

    Vakolatli davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar talabgorlarning tijorat banklaridagi hisobvaragʻiga subsidiyani “UzASBO” dasturiy majmuasi orqali oʻtkazib beradi.