Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish tizimi takomillashtiriladi

    “Qishloq xoʻjaligi maydonlaridagi qoʻshimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni koʻpaytirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-465-son, 30.12.2024-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, dala chetlari hamda aholi tomorqasi, xonadonlar va koʻp qavatli uylar oldi, mahallaning ichki koʻchalarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish tizimini takomillashtirish boʻyicha quyidagi yangi tartib joriy etiladi:

    qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni tashkil qilish boʻyicha:

    — Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligiga dala chetlarida hamda aholi tomorqasi, xonadonlar va koʻp qavatli uylar oldi, mahallaning ichki koʻchalarida mahsulot yetishtirish, qishloq xoʻjaligi subyektlariga urugʻ va koʻchatlar yetkazib berish hamda yetishtirilgan mahsulotlarni eksportga yoʻnaltirishni tashkil qilish vazifasi yuklatiladi;
    — Agentlik yil davomida daromadli ekinlar ekish va ularni eksport qilish uchun meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchi tadbirkorlarning talablarini oʻrganadi.

    dala chetlaridan samarali foydalangan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha:

    — ichki fitosanitariya sertifikati bir yil davomida bepul beriladi;

    — dala chetlariga ekilgan “in-vitro” usulida yaratilgan mevali payvandtagli koʻchatlarni sotib olish xarajatlarining 50 foizi miqdorida, biroq har bir mevali payvandtagli koʻchatga 25 ming soʻmdan oshmagan holda Agrosanoatni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasidan belgilangan tartibda subsidiya ajratiladi.