Uchrashuv avvalida Aziz Voitov elchini Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganining 30 yilligi bilan samimiy qutladi.
Muloqot davomida Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligining Fransiya Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat suvereniteti vazirligi hamda boshqa ixtisoslashtirilgan kompaniyalari bilan hamkorlikda ish olib borayotgani alohida taʼkidlab oʻtildi.
Soʻng Aziz Voitov eksportni faollashtirish borasidagi oʻz takliflarini bildirdi. Xususan, vazir tomonidan Oʻzbekiston iqlim sharoitiga mos meva-sabzavot va dukkakli mahsulotlarni yetishtirish hamda ularni Fransiya va boshqa mamlakatlarga eksport qilish fikri ilgari surildi. 2021-yilda mamlakatimizdan Fransiyaga 1,6 million dollar miqdoridagi qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti amalga oshirilganligi maʼlumot sifatida keltirildi.
Shuningdek, uchrashuvda Oʻzbekiston yangi va quritilgan meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish salohiyatini oshirishga, Fransiya tomoni esa oʻz navbatida qayta ishlangan tovarlarni (kungaboqar yogʻi, ketchup va hokazo) yetkazib berishga tayyor ekanligi aytildi.
Maʼlumki, Fransiya davlati meva-sabzavotlarni qayta ishlash, sut, pishloq, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohalaridagi yirik kompaniyalari bilan investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirishda istiqbolli hamkor hisoblanadi. Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi Fransiyaning sut va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda yetakchi “Danon” va “Laktalis” kompaniyalari bilan aloqa oʻrnatgan. Kelgusida bu borada ikki tomonlama tashriflarni koʻpaytirish rejalashtirilyapti.
Muloqot chogʻida ilm-fan yoʻnalishidagi hamkorlik masalalariga ham urgʻu berildi. Taʼkidlanishicha, bugungi kunda Fransiyaning INRAE (Qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat va atrof-muhit ilmiy-tadqiqot instituti), CIRAD (Xalqaro qishloq xoʻjaligini rivojlantirish tadqiqot markazi), “Bordo” va Veterinariya institutlari bilan birgalikda ish olib borilyapti. Bundan tashqari agrar taʼlim sohasida ham aloqalarni kuchaytirish nazarda tutilgan. Toshkent davlat agrar universitetining yuqori malakali mutaxassislarni oʻqitish dasturlarida ishtirok etish moʻljallanyapti, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.
Uchrashuv soʻngida Aziz Voitov Elchi Oreliya Bushezga konstruktiv va mazmunli muloqot uchun minnatdorchilik bildirar ekan, uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish borasida quyidagi takliflarni bildirib oʻtdi: “Biz uzumchilik sohasini rivojlantirish borasidagi tajribangizni oʻrganmoqchimiz, chunki Oʻzbekistonning vino eksportidagi koʻrsatkichlari hali katta boʻlmasada, lekin salmoqli miqdorda uzum eksport qilyapti. Mamlakatimizda fransuz uzum navlarini yetishtirish uchun “in-vitro” koʻchatlarini import qilish tamoyili asosida ishlashni taklif qilamiz”.