Qishloq xoʻjaligi sohasida raqamli texnologiyalar joriy etiladi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligi sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni yanada jadallashtirish orqali samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

    Farmonning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

    • qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan 4 mln gektardan ortiq yer maydonlarida ekinlarni ekish va sugʻorish jarayonlarini raqamlashtirish;
    • qishloq xoʻjaligi sohasida joriy etilgan 30 tadan ortiq axborot tizimlarini “yagona nuqta”ga birlashtirish orqali foydalanuvchilar uchun qulayliklar yaratish hamda maʼlumotlarning oʻzaro muvofiqligi va ishonchliligini taʼminlash.

    2026-yil hosilidan boshlab qishloq xoʻjaligi tashkilotlari oʻzlariga tegishli yer uchastkalariga ekish rejalashtirilgan qishloq xoʻjaligi ekinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsion platformasiga (Agroportal) mustaqil joylashtirib boradi.

    Agroportal qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar uchun sohada xizmat koʻrsatishning “yagona nuqtasi” sifatida eʼtirof etiladi.