Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xoʻjaligi sohasida statistik maʼlumotlar bazasini kengaytirish va takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 26-fevraldagi 104-son qaroriga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazish qishloq xoʻjaligi faoliyatining quyidagi asosiy koʻrsatkichlarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi:

  • qishloq xoʻjaligi obyektlarining iqtisodiy faoliyat turlari;
  • mehnat resurslari va ularning demografik xususiyatlari;
  • yer resurslari va ulardan foydalanish holati;
  • qishloq xoʻjaligi ekinlarining maydoni;
  • issiqxonalar maydoni va boshqalar.

Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishning tashkiliy va metodik prinsiplarini, dasturiy-texnik taʼminoti va maʼlumotlarni qayta ishlashning texnologik jarayonlarini sinovdan oʻtkazish koʻzda tutilmoqda.

Sinov 2022-yilning avgust oyida Samarqand viloyatining Jomboy tumani hamda Toshkent viloyatining Parkent tumanida amalga oshiriladi.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

1.Oʻzbekiston Respublikasida sinov tariqasida qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish ishlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;

2. Oʻzbekiston Respublikasida sinov tariqasida qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish ishlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”;

3. Oʻzbekiston Respublikasida sinov tariqasida qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish ishlariga jismoniy va yuridik shaxslarni jalb etish va ularga haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom;

4. respondentlarning qishloq xoʻjaligi faoliyatiga doir maʼlumotlarini yigʻishda foydalaniladigan savollar roʻyxatini oʻz ichiga olgan Oʻzbekiston Respublikasida sinov tariqasida qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish dasturi;

5. Oʻzbekiston Respublikasida sinov tariqasida qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish soʻrovnomalari roʻyxati.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 20.04.2022-yildan kuchga kirdi.