Prezidentimiz raisligida joriy yil 21-iyul kuni yer hisobi va davlat kadastrini toʻliq shakllantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda yer va yerga boʻlgan munosabat, yerning tarkibini tahlil qilish, uning sifati va ball bonitetini belgilash boʻyicha topshiriqlar berildi. Asosan, «Yergeodezkadastr» davlat qoʻmitasi vazifalarini qayta koʻrib chiqish masalasiga alohida urgʻu berilib, sohadagi muammo-kamchiliklar muhokama qilindi.

Mazkur yoʻnalishda, xususan, yerning tahlili, ball bonitetini oʻrganish, tuproq eroziyasi va shoʻrlanishining oldini olish, yerning sifatini yaxshilashda asosiy manfaatdor tashkilot Qishloq xoʻjaligi vazirligi hisoblanadi. Chunki yer mahsulotlar yetishtirish, hosildorlikni oshirishda eng asosiy resursdir.

Bundan tashqari, yigʻilishda «Yergeodezkadastr» davlat qoʻmitasi tarkibida boʻlgan ayrim qoʻmitalar, ilmiy-tadqiqot institutlarini Qishloq xoʻjaligi vazirligi tasarrufiga oʻtkazish boʻyicha topshiriqlar berildi. Boisi, yerlarning sifatini yaxshilash, ularning samaradorligini oshirish, birinchi navbatda, qishloq xoʻjaligi tizimiga kerak. Shuning uchun davlatimiz rahbari tomonidan ushbu mexanizmga xususiy sektorni ham jalb qilgan holda davlat-xususiy sheriklik asosida yangi mexanizmni joriy qilish topshirigʻi berildi.

Yigʻilishda yana bir muhim masala — qishloq xoʻjaligi tizimini raqamlashtirishga urgʻu berildi. Zero, yerning oʻlchamidan tortib, tahliligacha boʻlgan amaliy jarayonlarni sunʼiy yoʻldoshlar yoki dronlar orqali amalga oshirish mumkin. Shu bois, yil oxiriga qadar ushbu yoʻnalishda bajarilishi lozim boʻlgan ishlar, jumladan, qishloq xoʻjaligida kartografiya, yerlarning hisobi, tahlilini raqamlashtirish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi. Zero, bugun qishloq xoʻjaligini raqamlashtirmasdan turib sohada raqobatbardoshlikni oshirish, bu boradagi siyosatni belgilash juda qiyin. Yigʻilishda ayni shunday muhim masalalar kun tartibiga qoʻyilgani va muammolarning yechimi aniq belgilab berilgani sohaning kelgusi taraqqiyotida muhim qadam boʻldi.