Tadbirda, shuningdek, Turkiya Qishloq va oʻrmon xoʻjaligi vazirligi Qishloq xoʻjaligi tadqiqotlari va siyosati bosh boshqarmasi (TAGEM) direktori Nevzat Birishik hamda turk agrar idorasining boshqa vakillari qatnashdi.

Uchrashuv chogʻida ikki mamlakat oʻrtasida qishloq xoʻjaligi sohasida oʻzaro hamkorlikning bugungi holati hamda istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. J.Xodjayev vazirlik agrar sohada investitsion-tijoriy, ilmiy-taʼlim aloqalarini kuchaytirish, ikki tomon va biznes vakillari manfaatlariga javob beradigan aniq loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.

Turkiya delegatsiyasi rahbari Oʻzbekistonda agrar ilm-fanning rivojlanish surʼatiga ijobiy baho berdi hamda Turkiya Respublikasi Qishloq va oʻrmon xoʻjaligi vazirligi Qishloq xoʻjaligi tadqiqotlari va siyosati bosh boshqarmasi (TAGEM) qishloq xoʻjaligi sohasidagi tadqiqotlarni tayyorlash va amalga oshirish, loyihalarni milliy rivojlanish rejalariga muvofiq ishlab chiqish uchun masʼul organ ekanini taʼkidlab oʻtdi. TAGEM tarkibiga 48 ta ilmiy institut va 300 dan ziyod laboratoriya kiradi.

Turkiya tomoni qishloq xoʻjaligi, chorvachilik, oʻsimliklarni himoya qilish va karantin sohasida Oʻzbekistonning vazirlik va idoralari, ilmiy hamda taʼlim muassasalari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, oʻzbek sheriklar ehtiyojlariga javob beradigan loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Bundan tashqari, N.Birishik agrar sohaning turli yoʻnalishlarida oʻzbekistonlik sheriklar bilan oʻzaro anglashuv memorandumlarini ishlab chiqish va imzolashga qiziqish bildirdi.

Muzokaralar yakunida TAGEMning Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjonda faoliyat yurituvchi mintaqaviy idorasini Toshkentda ochish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.