Qishloq xoʻjaligi vazirligi korrupsiyaga qarshi maxsus Telegram-botni ishga tushirdi

    Xavfsizlik 1 Iyul 2021 2438

    Joriy yilning iyun oyida qishloq xoʻjaligi vaziri buyrugʻi bilan asosiy maqsadi qishloq xoʻjaligi sohasida korrupsiyaga qarshi kurash boʻlgan maxsus @UzagroAnticorruptionbot telegram-boti tasdiqlandi va ishga tushirildi.

    Mazkur telegram-bot Qishloq xoʻjaligi vazirligi tuzilmasida korrupsiyaga qarshi tizimli choralarni samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

    Fuqarolar mazkur bot orqali noqonuniy harakatlar haqida toʻgʻridan-toʻgʻri maʼlumot berishlari yoki qishloq xoʻjaligi sohasidagi mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha oʻz takliflarini kiritishlari, yo boʻlmasa, korrupsiya bilan toʻgʻridan-toʻgʻri duch kelish holatlari boʻyicha oʻz fikrlarini bildirishlari mumkin, deya xabar qiladi vazirlikning Multimedia markazi.

    @UzagroAnticorruptionbot telegram-boti qanday ishlaydi?

    Mazkur telegram-bot foydalanuvchilar soʻrovi borasida ham koʻplab funksiyalarni oʻzida mujassam qilgan, hudud, tizim tashkiloti, murojaat sohasi kabilarni tanlash imkonini taqdim etadi.

    Har bir murojaat ustida ishlashga darhol kirishiladi va maxsus mutaxassisga koʻrib chiqish va yechimini topish uchun yuboriladi. Agar fuqarolarning yozma murojaatiga javob berish muddati 15 kun ichida deb belgilangan boʻlsa, ushbu bot byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish va olingan murojaatning koʻrib chiqish uchun qabul qilishni uning turidan kelib chiqqan holda 3 kundan koʻp boʻlmagan muddatgacha qisqartirishga imkon beradi. Yaʼni Telegram-bot jarayonni tezlashtiradi. Shu tariqa axborot telegram-bot orqali toʻgʻridan-toʻgʻri vazirlikning ichki audit boshqarmasi va komplayens-nazoratga kelib tushadi.

    Korrupsiyaga qarshi telegram-bot tizimiga jalb qilingan xodimlarning faoliyatini baholash uchun KPI ishlab chiqilgan. Bot tizimi xodimlarining faoliyati tekshiruvlar soniga qarab emas, balki samarali hal qilinayotgan muammolar boʻyicha baholanadi. Qabul qilingan barcha murojaatlar keyingi tahlil va statistikani taʼminlash uchun arxivlab boriladi.

    Bot orqali murojaatlarga javob berishni tezlashtirish uchun joylarda soha mutaxassislari faoliyat yuritishi tizim orqali koʻzda tutilgan. Mamlakatimizning barcha hududlari boʻylab vazirlik auditorlari biriktirilgan boʻlib, ular oʻzlariga biriktirilgan hududni bevosita nazorat qilib borishadi.

    Masalan, agar murojaat mamlakatning biror hududidan kelib tushgan boʻlsa, tegishli masʼul shaxs bir yoki ikki sutka davomida murojaat tafsilotlarini oʻrganish uchun joyning oʻziga boradi. Birinchi navbatda bu masalani maqsadli oʻrganish va javob qaytarish muddatini qisqartirishga imkon beradi.

    Telegram-bot, shuningdek qoʻshimcha maʼlumot sifatida media grafik fayllarini murojaatga ilova qilish imkoniyatini beradi.

    Mazkur botning uch kunlik ishi mobaynida fuqarolardan Jizzax viloyatida yer uchastkalari ajratilishi bilan bogʻliq huquqbuzarliklar boʻyicha murojaatlar qabul qilindi. Joylardagi soha mutaxassislari allaqachon murojaatlarni oʻrganishga kirishishgan.

    Shuningdek, telegram-bot orqali murojaatlarning vazirlikning rasmiy saytida ochiq eʼlon qilish boʻyicha ishlar olib borilmoqda, toki har bir manfaatdor kishi oʻzini qiziqtirgan koʻplab savollarga javob topa olsin.