Suv resurlarini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish boʻyicha shartnoma imzoladi

    Agrosektor 16 Aprel 2021 1030

    Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanida AKIS - Agroxizmatlar markazida Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Avstraliyaning “Rubikon Water Pty Ltd” kompaniyasi oʻrtasida Qashqadaryo viloyati Qamashi – Mirishkor kanalida suv resurlarini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish boʻyicha umumiy qiymati 18,2 mlrd soʻmga teng boʻlgan shartnomani imzolandi.

    Loyihani amalga oshirish natijasida jami 6,5 ming gektar yerlarning 43 mln litrlik suvga boʻlgan ehtiyoji qondiriladi.

    Mazkur shartnoma doirasida Qashqadaryo viloyati Qamashi (10,2 km) – Mirishkor (3,6 km) kanalining 13,8 km uzunlikdagi qismida jami 28 ta avtomatlashtirilgan suvni boshqarish shlyuzlari, ushbu kanaldan foydalanadigan fermer xoʻjaliklari uchun oʻlchov uskunalari, markazdan masofaviy boshqaruv dasturiy taʼminoti va fermerlar uchun mobil ilovalar joriy etiladi.

    Hozirda Oʻzbekistonda iqtisodiyotning turli tarmoqlari ehtiyojlari uchun yiliga 50-60 kub km suv resurslari ishlatiladi. Mazkur resurlarning taxminan 90 foizi qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun sarflanadi.

    Suv resurslaridan oqilona foydalanish, sohaning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishda Prezidentning “Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vazirligi faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida suv xoʻjaligi tizimini tubdan takomillashtirish, shu jumladan suv xoʻjaligi tizimini boshqarishda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha bir qator vazifalar belgilangan.

    Loyihani amalga oshirish natijasida suvni tejash 70 foizga yetkazilishi, irrigatsiya kannallaridan suvni ekinlarga yetkazilishi 37 foizdan 90 foizgacha oshishi hamda suvdan oqilona foydalanishni 97 foizgacha yetishi kutilmoqda.

    Suv xoʻjaligi tarmogʻi elementlarini on-layn monitoring qilish va boshqarish uchun yangi avloddagi radioqurilmalar bazasida alohida SCADA telemetriya va teleboshqaruv tizimi tashkil etiladi.

    Avstraliyaning “Rubikon Water Pty Ltd” kompaniyasi suv xoʻjaligida raqamli texnologiyalarini joriy etish boʻyicha dunyoning yetakchi kompaniyalaridan biri sanaladi. Kompaniya tomonidan dunyoning 15 ta davlatlarida 30 mingdan ortiq avtomatlashtirilgan suvni boshqarish shlyuzlar oʻrnatilgan boʻlib, ushbu shlyuzlar jami 1,5 mln gektar sugʻoriladigan yerlarni qamrab olgan.