Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Maqsud Roʻzmetov va XXR qishloq xoʻjaligi va qishloq ishlari vaziri oʻrinbosari Ma Yusyan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan bir qator masalalarni muhokama qildi. Yaʼni, chorvachilik, veterinariya va baliqchilik sohasida oʻzaro aloqalar, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari savdosi va investitsion hamkorlik, karantin va oʻsimliklarni himoya qilish borasidagi hamkorlik istiqbollari oʻrtaga tashlandi. Ilmiy tadqiqotlar va agrar taʼlim sohasida hamkorlikni takomillashtirish masalalari alohida muhokama etildi.
Tadbirni ochar ekan, Maqsud Roʻzmetov Oʻzbekiston Xitoyning “Bir makon, bir yoʻl” xalqaro tashabbusini faol qoʻllab-quvvatlashi, unga Buyuk ipak yoʻlining qayta tiklanishi sifatida baho berishi, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishda muhim qadam ekanini taʼkidladi.
–– 2020-yil yakunlariga koʻra, Xitoy Oʻzbekistonning qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti tizimida 72 million dollarlik 92,8 ming tonna mahsulot bilan beshinchi oʻrinni egalladi, – deya taʼkidladi vazir oʻrinbosari. — Bu esa 2019-yilga nisbatan 1,5 baravar koʻp koʻrsatkichdir. Shu bilan birga Xitoydan import hajmi 47,4 million dollarlik 63 ming tonna mahsulotni tashkil etdi. Shu yilning yanvar-avgust oylarida Oʻzbekistondan Xitoyga umumiy qiymati 32 million dollardan ziyod boʻlgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sotildi.
Xitoy tomoni ikki mamlakatning savdo-iqtisodiy hamkorligini yanada kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligiga sarmoya kiritish masalalarida hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyorligini bildirdi.
Tadbir ishtirokchilari Kichik qoʻmitaning navbatdagi yigʻilishini 2023-yilda Oʻzbekistonda oʻtkazishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.