Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasini toʻlaqonli amalga oshirish, shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga ilmiy asoslangan axborot, zamonaviy xizmatlarni koʻrsatish, ishlab chiqarishga ilm-fan yutuqlari va innovatsiyalarni keng joriy etish, taʼlim, ilm-fan, ishlab chiqarish va agroxizmatlar koʻrsatish tizimining uzviy integratsiyasini taʼminlash maqsadida:
- Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar tizimini 2021-2025-yillarda ustuvor rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
- Konsepsiya doirasida qishloq xoʻjaligi tarmoqlarida taʼlim, ilm-fan, ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligi subyektlariga zamonaviy agroxizmatlar koʻrsatishning uzviy tizimini oʻzaro bogʻlaydigan Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzurida Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi (keyingi oʻrinlarda – Milliy markaz) tashkil etilsin va u quyidagi yoʻnalishlarda faoliyat yuritishga masʼul etib belgilansin:
qishloq xoʻjaligi sohasida taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarishning uzviy integratsiyasini taʼminlash;
fermer xoʻjaliklari, qishloq xoʻjaligi klasterlari
va kooperatsiyalari hamda ilgʻor xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan manfaatli ilmiy-ishlab chiqarish hamkorligini yoʻlga qoʻyish, yangi ilmiy ishlanmalar, innovatsiyalar hamda raqamli texnologiyalarni joriy etish;
barcha turdagi davlat ilmiy va oliy taʼlim muassasalarining qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot faoliyatini muvofiqlashtirish;
qishloq xoʻjaligi tarmoqlarining malakali mutaxassislarga boʻlgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini hisobga olgan holda kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni taʼminlash;
qishloq xoʻjaligi sohasida fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, ilgʻor tajriba va zamonaviy texnologiyalar asosida ularning malakasini oshirish;
qishloq xoʻjaligida xususiy sektorni keng jalb etgan holda bilim, malaka va koʻnikmalarning samarali almashinuvi hamda uzatilishini taʼminlaydigan milliy axborot va maslahat xizmatlari tarmogʻini rivojlantirish;
xalqaro sifat standartlarini joriy qilishda koʻmaklashish, mahsulot yetishtiruvchilar va agrobiznesning oʻzaro hamkorlik platformasini tashkil etish.
- Qishloq xoʻjaligi sohasida taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarishning uzviy integratsiyasini taʼminlash boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi oʻrinlarda – Muvofiqlashtiruvchi kengash) tashkil etilsin va uning tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Muvofiqlashtiruvchi kengash (Sh.M.Gʻaniyev):
qishloq xoʻjaligi sohasi hamda uning tarmoqlari boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan va kadrlar tayyorlayotgan barcha turdagi davlat ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining oʻzaro hamkorligini taʼminlasin;
qishloq xoʻjaligi sohasi mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarini samarali tashkil etsin;
qishloq xoʻjaligi sohasidagi talab va ilgʻor xorijiy tajribalar asosida oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida Davlat taʼlim standartlari, oʻquv reja va dasturlarining tizimli ravishda takomillashtirilishini taʼminlasin;
qishloq xoʻjaligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarining yillik ish rejasini hamda ular faoliyati samaradorligini baholash indikatorlarini tasdiqlasin;
qishloq xoʻjaligi sohasida ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish, ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy etish, ishlab chiqarish muammolariga ilm-fan orqali yechim topish maqsadida sohadagi ilmiy-tadqiqot muassasalari va qishloq xoʻjaligi klasterlari oʻrtasida kelishuvlar tuzish amaliyotini yoʻlga qoʻysin.
Ilmiy-tadqiqot institutlariga biriktirilayotgan vazirlik, idora va xoʻjalik birlashmalari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
- Belgilansinki:
Milliy markaz Muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi organi hisoblanadi;
Milliy markaz oʻz tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasasi faoliyatiga bevosita rahbarlik qiladi, chorvachilik yoʻnalishlari, oʻrmon va suv xoʻjaligi, ipakchilik sohalarida faoliyat yurituvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikdagi faoliyatni yoʻlga qoʻyadi, qishloq xoʻjaligi sohasidagi oliy va professional taʼlim muassasalarining ilmiy va innovatsion faoliyatini muvofiqlashtiradi;
Milliy markaz Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi, “Agroinnovatsiya” DUK, “Gʻoʻza urugʻchiligi markazi” negizida tashkil etiladi.
- 2021-yildan boshlab qishloq xoʻjaligi sohasida ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlarga buyurtmalarni shakllantirish va moliyalashtirishning quyidagi tartibi joriy etilsin:
a) Muvofiqlashtiruvchi kengash 2021-yil 1-aprelga qadar Qishloq xoʻjaligining ustuvor yoʻnalishlari, global, mintaqaviy va hududiy muammolarning ilmiy yechimlarini tadqiq qilish boʻyicha keyingi besh yilga moʻljallangan dasturni (keyingi oʻrinlarda – besh yillik dastur) ishlab chiqadi va eʼlon qiladi.
Besh yillik dastur qishloq xoʻjaligi sohasidagi idoralar, uyushmalar va boshqa tashkilotlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, qishloq xoʻjaligi va unga xizmat koʻrsatuvchi subyektlar, jumladan, agrosanoat klasterlari, kooperatsiyalar, fermer va dehqon xoʻjaliklarining takliflari asosida shakllantiriladi;
b) besh yillik dasturda nazarda tutilgan yoʻnalishlar qishloq xoʻjaligi sohasida ilmiy loyihalar boʻyicha davlat buyurtmalarini shakllantirish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etiladi;
v) besh yillik dasturda nazarda tutilgan, shuningdek, qishloq xoʻjaligi subyektlari tomonidan taklif etilgan va byudjetdan moliyalashtirilmagan yoki toʻliq moliyalashtirilmagan loyihalarni hamda boshqa vazifalarni amalga oshirish maqsadida, Milliy markaz huzurida Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tashkil etiladi.
Jamgʻarma mablagʻlari respublika byudjeti, mahalliy byudjet daromadlarining prognozdan oshirib bajarilgan qismi, vazirlik
va idoralarning byudjetdan tashqari mablagʻlari, homiylik xayriyalari, xalqaro va xorijiy tashkilotlarning grantlari, ilmiy tadqiqot ishlarini moliyalashtirish va ularning yakuniy natijasidan foydalanish istagini bildirgan qishloq xoʻjaligi subyektlari va boshqa shaxslarning mablagʻlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.
Jamgʻarma mablagʻlarini boshqarish Muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi organi – Milliy markaz tomonidan amalga oshiriladi.
Ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarning byudjet mablagʻlari hamda Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishi ularni moliyalashtirish uchun boshqa mablagʻlarni toʻgʻridan-toʻgʻri jalb qilishni istisno qilmaydi.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
- Quyidagilar:
2021-2022-yillarda Milliy markazning Respublika agroxizmatlar markazi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar agroxizmatlar markazlari (keyingi oʻrinlarda – hududiy agroxizmatlar markazlari);
2022-yildan boshlab bosqichma-bosqich qishloq tumanlarida Milliy markazning tuman agroxizmatlar markazlari (keyingi oʻrinlarda – tuman agroxizmatlar markazlari) tashkil etilsin.
- Belgilansinki:
a) Respublika agroxizmatlar markazi, hududiy va tuman agroxizmatlar markazlari:
Jahon bankining “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida ajratiladigan mablagʻlarni jalb etgan holda yoki davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etiladi;
oʻz faoliyatini axborot va maslahat xizmatlari koʻrsatish tizimi asosida amalga oshiradi;
b) hududiy agroxizmatlar markazlari Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy-ishlab chiqarish markazining hududiy boʻlinmalari negizida tashkil etiladi;
v) Respublika agroxizmatlar markazi, hududiy va tuman agroxizmatlar markazlari oʻz faoliyatini quyidagi yoʻnalishlarda tashkil etadi:
hududlarning uzoq muddatli rivojlanish tendensiyalari va inson kapitali bozori talablaridan kelib chiqqan holda sohada kadrlarga boʻlgan ehtiyojni aniqlash;
xorijiy tajriba asosida qishloq xoʻjaligi sohasida faoliyat olib borayotgan kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash;
hududning qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi ehtiyojlaridan kelib chiqib ilmiy tashkilotlarga tayyor ilmiy ishlanmalar va tegishli ilmiy maslahatlarga buyurtmalarni shakllantirish;
qishloq xoʻjaligi sohalarining dolzarb yoʻnalishlari boʻyicha tayyorlangan ilmiy ishlanmalarni hududlar sharoitiga moslashtirish yoʻnalishidagi tadqiqotlarni amalga oshirish, uning natijalarini bevosita qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi subyektlarga yetkazish;
hududlar agrar sohasi asosiy ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda xalqaro tajribalar hamda ilmiy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish;
qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi barcha xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili asosida amalga oshirish;
qishloq xoʻjaligi subyektlariga bevosita va onlayn hamda “call-markaz” orqali xizmat koʻrsatish.
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-avgustdagi “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4803-son qaroriga asosan qishloq xoʻjaligida davlat boshqaruvi
va ilmiy-tadqiqot institutlarini transformatsiya qilishga Jahon bankining 160 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlari yoʻnaltirilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Belgilansinki, mazkur mablagʻlar Milliy markaz, uning tizimidagi muassasalar hamda agroxizmatlar markazlari faoliyatini tashkil etish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha mutaxassislari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarning bilim va koʻnikmalarini oshirish, qayta tayyorlash va loyihada nazarda tutilgan boshqa tadbirlarga yoʻnaltiriladi.
- 2021-yil 1-martdan boshlab, tajriba tariqasida, Milliy markaz tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarida tadbirkorlik subyektlarini jalb etgan holda kichik ilmiy-innovatsion korxonalar tashkil etishga ruxsat berilsin, bunda:
a) ilmiy-tadqiqot muassasasi:
hududlarning tuproq-iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, qishloq xoʻjaligi ekinlarining ilmiy asoslangan holda ekilishini tashkil etadi;
qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻchilik va seleksiyasini yoʻlga qoʻyadi, yangi nav va duragaylarni yaratadi;
oʻsimliklarni zararkunandalardan asrash, tuproq unumdorligini oshirish boʻyicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqadi;
b) tadbirkorlik subyektlari:
ilmiy-tadqiqot muassasasining yangi nav va duragaylarni yaratish boʻyicha faoliyatini moliyaviy taʼminlashga koʻmaklashadi hamda uning natijalarini tijoratlashtirish choralarini koʻradi;
ichki va tashqi bozor talablaridan kelib chiqib, eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtirishni yoʻlga qoʻyadi va uni ommalashtiradi;
yangi ichki va tashqi bozorlarni topish, xalqaro standartlarga mos keluvchi laboratoriyalar, urugʻlikni saqlash, saralash, qadoqlash va meva-sabzavotni qayta ishlash uskunalarini xarid qilishga koʻmaklashadi;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saralash, qadoqlash, milliy brend asosida eksport qilish choralarini koʻradi;
v) foyda soligʻi boʻyicha jami daromadni aniqlashda tadbirkorlik subyektlari – soliq toʻlovchilarning ilmiy tadqiqotlarga va (yoki) tajriba-konstruktorlik ishlanmalariga doir xarajatlari, amortizatsiya qilinadigan aktivlarni olishga oid xarajatlardan tashqari, tegishli ilmiy tadqiqotlar va (yoki) tajriba konstruktorlik ishlanmalarining natijasidan qatʼi nazar, Soliq kodeksida nazarda tutilgan tartibda bunday tadqiqotlar va ishlanmalar (xizmatlarning alohida bosqichlari) tugallangan va (yoki) qabul qilish-topshirish dalolatnomasini taraflar imzolaganidan keyin chegirib tashlanadi.
- Belgilansinki, 2021-yil 1-fevraldan boshlab Milliy markaz, mazkur farmonga 4-ilovada koʻrsatilgan ilmiy-tadqiqot institutlari hamda ular tizimiga kiruvchi ilmiy-tajriba stansiyalari
va uchastkalarining (keyingi oʻrinlarda – ilmiy-tadqiqot muassasalari) bino va inshootlarini saqlash, shuningdek, ularning xodimlari (ilmiy xodimlardan tashqari) mehnatiga haq toʻlash boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirish Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi, bunda:
Milliy markazning boshqaruv apparati xodimlariga Qishloq xoʻjaligi vazirligi markaziy apparati hamda agroxizmatlar markazlari xodimlariga vazirlikning hududiy boʻlinmalari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari mos ravishda qoʻllaniladi;
Ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq toʻlash shartlari byudjet mablagʻlari hisobidan fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlarning ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirishda qatnashuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy va rahbar xodimlarining bazaviy lavozim maoshlariga tenglashtiriladi;
Milliy markaz, ilmiy-tadqiqot muassasalarining boshqa xarajatlarini moliyalashtirish ularning ilmiy, ishlab chiqarish, ilmiy tadqiqot ishlari natijalarini tijoratlashtirish va xizmat koʻrsatish faoliyatidan tushadigan mablagʻlar, xorijiy va xalqaro tashkilotlarning grantlari, homiylik xayriyalari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
- Milliy markaz va ilmiy-tadqiqot muassasalariga byudjetdan tashqari manbalar hisobidan shakllanadigan mablagʻlarni mustaqil tasarruf etish huquqi berilsin, bunda ushbu tashkilotlar:
byudjetdan tashqari mablagʻlarni boshqarish uchun tijorat banklarida hisob raqami ochishi va undagi mablagʻlardan mustaqil foydalanishi mumkin (byudjet tashkilotlarining gʻazna hisob raqamlaridan foydalanishga doir talablar ushbu mablagʻlardan foydalanishga nisbatan tatbiq etilmaydi);
yuqori malakali mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etadi, xodimlarga ustamalar va moddiy ragʻbatlantirishning boshqa turlari miqdorlarini mustaqil belgilaydi;
saqlash xarajatlari, vazifa va majburiyatlarni bajarish, xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, dasturiy taʼminotlar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari, ilmiy laboratoriyalar uchun mablagʻlarni mustaqil sarflaydi.
- Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M.Gʻaniyev:
bir hafta muddatda mazkur farmonda nazarda tutilgan vazifalarni ijrochilar va hududlar kesimida tasdiqlasin hamda ijroga qaratsin;
ikki hafta muddatda qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar tizimini 2021-2025-yillarda ustuvor rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin.
- Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A.Xodjayev) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
- Adliya vazirligi mazkur farmonning ijrochilarga yetkazilishini, uning mazmun-mohiyati tegishliligi boʻyicha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ularning hududiy boʻlinmalari, aholiga tushuntirilishini hamda ijroga qaratilishini taʼminlasin.
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-sentyabrdagi “Professional taʼlim tizimini yana-da takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5812-son farmoniga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
- Mazkur farmonning ijrosini tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M.Gʻaniyev, qishloq xoʻjaligi vaziri J.A.Xodjayev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.
Farmonning ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2021-yil 1-iyul va 30-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2021-yil 3-fevral