Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligi sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni yanada jadallashtirish orqali samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga koʻra, qishloq xoʻjaligi tashkilotlariga robototexnika, dron va boshqa qurilmalar yordamida xizmatlar koʻrsatiladi.
Dron xizmatlaridan foydalanish uchun Agroportal orqali ariza berish, shartnomalarni tuzish va toʻlovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
Agroportal orqali uchish balandligi 30 metrgacha boʻlgan dronlar yordamida koʻrsatiladigan xizmatlar vakolatli idoralar bilan kelishilgan hududlarda ularning yillik ruxsatnomalari asosida taqdim etiladi.
Shuningdek, Agroportalda quyidagi xizmat turlari joriy qilinadi:
- 2025-yil 1-dekabrdan ikkilamchi ijaraga beriladigan yerlarni belgilash, ijara shartnomasini tuzish, davlat roʻyxatdan oʻtkazish va toʻlovlarni amalga oshirish;
- 2026-yil 1-martdan qishloq xoʻjaligi yerlari toifasini oʻzgartirish yuzasidan arizalar berish, ularning holatini onlayn kuzatib borish va natijalarini taqdim etish.