Qishloq xo'jaligida gender tengligi mustahkamlanadi

    Qishloq ayollariga sarmoya kiritish qashshoqlikni tugatish va oziq-ovqat xavfsizligiga erishadigan o'zgarishlarga sarmoya kiritish hisoblanadi.

    Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi bilan hamkorlikda “Inklyuziv qishloq xo'jaligi siyosatini amalga oshirishni qo'llab-quvvatlash” loyihasi doirasida mamlakat agrosanoat majmuasi vakillari uchun birinchi seminar-treningni tashkil etdi. Ishtirokchilarning gender omili va “hech kimni ortda qoldirmaslik” tamoyilini hisobga olgan holda, qarorlarni shakllantirish va chora-tadbirlarni amalga oshirish bo'yicha salohiyatini oshirish seminarning asosiy maqsadi hisoblanadi.

    Ayollar qishloq xo'jaligida ishlovchilarining qariyb yarmini tashkil etadi va ular o'z oilalarini oziq-ovqat mahsulotlariga bo'lgan talabini qondirish hamda farovonligini ta'minlash, shuningdek, butun mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda muhim rol o'ynaydi. Biroq ularning bu boradagi hissasi, ko'pincha, yetarli darajada e'tiborga olinmaydi.

    Qishloq ayollarining yuqori bilimi va iqtisodiy faolligiga qaramay, ko'proq ular nisbatan past ish haqi to'lanadigan joylarda, oilaviy ishchi sifatida ishlaydilar va kamdan-kam hollarda fermerlik va qishloq xo'jaligi yerlarini boshqarish bilan shug'ullanadilar.

    “Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va qishloq xo'jaligida gender farqi sezilarli bo'lib, ushbu omil ayollarning ishlab chiqarish salohiyatini to'liq amalga oshirishlariga to'sqinlik qiladi. Bu esa o'z navbatida, qishloq xo'jaligi va qishloq hududlarini rivojlanishga putur yetkazadi. Albatta, vaziyat Yevropa va Markaziy Osiyodagi turli mamlakatlarda bir-biridan farq qiladi, ammo, odatda, aksariyat mamlakatlarda qishloq va chekka hududlarda yashovchi ayollar katta ehtimol bilan kamsitish va qashshoqlikdan aziyat chekishadi” — deydi FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy bo'limi katta maslahatchisi va loyiha rahbari Dono Abdurazzoqova.

    Eslatib o'tamiz, O'zbekiston 2019-yilda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”gi qonunni qabul qilgan edi. Ushbu qonun iqtisodiyotning har bir sohasida, jumladan, qishloq va o'rmon xo'jaligida gender masalalarini hisobga oluvchi strategiya va tadbirlar rejasini ishlab chiqishni talab qiladi. O'zbekistonda mamlakat yalpi ichki mahsulotining (YAIM) 32 foizi qishloq xo'jaligi hissasiga to'g'ri keladi hamda soha ishchi kuchlariining kamida 27 foizining bandligini ta'minlaydi. Aholining deyarli yarmi qishloqlarda yashaydi, bu esa qishloq ayollarining huquq va imkoniyatlarini yanada kengaytirishni dolzarb masalaga aylantiradi.

    FAO Qishloq xo'jaligi vazirligi va mamlakat agrosanoat majmuasi bilan bog'liq bo'lgan boshqa tashkilotlarga ijtimoiy zaif guruhlar, ayniqsa, qishloq ayollarining manfaatlari hamda ehtiyojlarini hisobga olgan holda chora-tadbirlar va echimlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish salohiyatini rivojlantirish va kuchaytirishda yordam beradi.

    Loyiha O'zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi ishtirokida amalga oshiriladi. Seminar ishtirokchilari qishloq xo'jaligida gender yondashuvlarining asoslari, gender masalalariga oid O'zbekiston milliy qonunchiligi, O'zbekiston aholisining oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash va qishloq xo'jaligini rivojlantirishda xotin-qizlarning roli va boshqa mavzular bilan tanishdilar.

    “Qishloq xo'jaligida gender tengligini ta'minlash qishloq xo'jaligi sohasini rivojlantirish uchun ham, umuman, jamiyat uchun ham sezilarli foyda keltiradi. FAOning xalqaro tajribasi shuni ko'rsatadiki, ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish, ularning yashash va mehnat sharoitlarini yaxshilash, resurslardan, shu jumladan, maxsus bilimlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash qishloq xo'jaligi samaradorligini oshishiga olib keladi. Aynan shuning uchun ham, qishloq ayollariga sarmoya kiritish qashshoqlikni tugatish va oziq-ovqat xavfsizligiga erishadigan o'zgarishlarga sarmoya kiritish hisoblanadi, bu esa, o'z navbatida, mamlakatning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishiga yordam beradi”, — deydi FAOning O'zbekistondagi vakili o'rinbosari Sherzod Umarov.

    FAOning “Inklyuziv qishloq xo'jaligi siyosatini amalga oshirishni qo'llab-quvvatlash” loyihasi doirasida Qishloq xo'jaligi vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa idoralarda ishlaydigan 250 dan ortiq ayollar va erkaklar gender tengligi tushunchalari hamda ularning qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog'liqligi, Barqaror rivojlanish maqsadlari va “hech kimni ortda qoldirmaslik” tamoyilini yaxshiroq o'rganish bo'yicha treninglardan o'tishlari kutilmoqda. SHuningdek, loyiha doirasida uslubiy qo'llanmalar, tarmoq strategiyasi va harakatlar rejasi ishlab chiqiladi.