Bu Prezidentning yaqindagi qabul qilingan “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarda mahsulot yetishtirishning uzluksizligini taʼminlash va yerdan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni (PF–172-son, 12.09.2025-y.)da belgilandi.
Farmonga koʻra, mazkur yerlar egalari va foydalanuvchilariga yer uchastkalariga boʻlgan egalik qilish va foydalanish huquqlarini xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari qarori asosida ijara huquqiga oʻzgartirish imkoniyati beriladi.
Bunda yerga egalik qilish va foydalanish huquqi ijara huquqiga oʻtkazilganda ijara muddati quyidagicha etib belgilandi:
- Oʻzbekiston fuqarolari va ular muassisligidagi yuridik shaxslar uchun – 30-yil;
- chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar uchun – 25-yil.
Farmonni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadlar etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
- tuman (shahar) hokimliklari tasarrufidagi boʻsh turgan yer uchastkalarini toʻliq hisobga olish va realizatsiya qilish;
- qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni qayta ijaraga berish tizimini takomillashtirish.









