Qishloqlarning me'moriy qiyofasini yangilash, aholining turmush madaniyatini yaxshilash, deganda ko'z o'ngimizga, eng avvalo, yo'llari ravon, ichimlik suv, elektr energiyasi bilan ta'minlangan, zamonaviy bog'cha, maktabi va ixchamgina shifoxonasi bo'lgan maskan keladi. Qishloq bilan tuman yoki shahar markazi orasidagi masofani avtobuslar yaqin qilsa, mobil` aloqa, internet tarmog'i muntazam ishlab tursa, yanada yaxshi. Ana shunday qulaylik va ijtimoiy ob'ektlar jamlanmasi infratuzilma degan so'zda ifodasini topadi.

Bugungi kunda yurtimizda sharoiti og'ir bo'lgan 796 ta qishloq mavjudligi masalaning nechog'li dolzarbligini ko'rsatadi. Prezidentimiz raisligida shu yil 24-mart kuni “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 2021-yilda amalga oshiriladigan ishlar muhokamasi yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida aytilganidek, qishloqlarga infratuzilma borsagina, hayot sifati o'zgaradi, tadbirkorlik rivojlanadi. Shu sababli bu yil mazkur dasturlar yangi yondashuvlar asosida shakllantirildi. Aholi talablaridan kelib chiqib, 206 ta tuman va shahar hokimi, yo'l, elektr ta'minoti, kommunal xizmat va tadbirkorlikka mas'ul rahbarlar bilan birma-bir gaplashilib, 8 mingta mahallada bajarilishi lozim bo'lgan ishlar belgilab olindi. Bunda obodonchilik bilan bir qatorda ish o'rinlari ochish, aholini kambag'allikdan chiqarish masalalari ham ko'zda tutilgan.

Bundan tashqari, Jahon banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan birga “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida Farg'ona, Andijon, Namangan, Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi 21 ta tumanda kompleks tadbirlarni amalga oshirishga kirishildi.

Qishloqlar qanday tanlab olinyapti?

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 25-noyabrdagi “Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida aholi punktlarining me'moriy qiyofasini tubdan yangilash, hududlarni kompleks rivojlantirish, yo'l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha ob'ektlarini barpo etish orqali aholining turmush madaniyatini yuksaltirishning yangi yo'nalishlari belgilab berildi.

— 2020-yil 17-yanvarda mazkur loyiha bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi bilan 100 million AQSH dollari hamda o'tgan yil 28 mayda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan 82 million AQSH dollari miqdorida 5 yillik imtiyozli davr bilan 30 yil muddatga kredit bitimlari imzolagan edi, — deydi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi direktori Zafar O'roqov. — Uning jami miqdori mamlakatimizning ulushi bilan qo'shib hisoblaganda 183,6 million dollarni tashkil etadi. Loyiha besh yil davomida iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishdan nisbatan ortda qolayotgan 21 ta tumandagi 300 dan ortiq qishloqni qamrab oladi.

Ko'rib turganingizdek, ishlar ko'lami keng. Tabiiy savol tug'iladi, loyihadan joy olayotgan qishloqlar qanday tamoyillar asosida tanlab olinyapti?

— Mazkur loyihani amalga oshirish bo'yicha hududlarda guruhlar tuzilib, ular tomonidan barcha mahallalar o'rganib chiqilmoqda, — deydi Zafar O'roqov. — Ularning ro'yxati Jahon banki tomonidan belgilangan mezonlar asosida shakllantirib boriladi. Barcha aholi punktlarida mahalla taraqqiyot guruhlari tashkil etiladi. Bu guruhlar o'z yig'ilishlarida qaysi ijtimoiy ob'ektni qurish yoki rekonstruktsiya qilish kabi masalalarni o'zlari hal qiladi va uning ijrosini monitoring qilishda ishtirok etadi. Belgilangan tamoyilga ko'ra, ovoz berish va qishloq miqyosidagi qarorlarni qabul qilishda mahalla taraqqiyot guruhlari a'zolarining 50 foizi ayollardan iborat bo'lishi maqsadga muvofiq hisoblanadi. Yana bir jihati, har bir qishloq miqyosida ajratiladigan mablag' aholi jon boshiga 160 AQSH dollari atrofida bo'lishi belgilangan.

Deylik, bir qishloqda zamonaviy bog'cha, maktabi mavjud holda, sifatli ichimlik suv bo'lmasligi mumkin. Boshqa birida elektr energiyasi masalasida muammo katta. Demak, shu masalalarga alohida urg'u beriladi. Qaysi ob'ektga alohida ahamiyat berishni, ya'ni, birinchi navbatda, bu borada infratuzilmani vujudga keltirishni qishloq ahlining o'zi yig'ilishda hal qiladi. Masalan, Andijon viloyati Paxtaobod tumani “Sohil” mahalla fuqarolar yig'inida 264 o'rinli yangi zamonaviy maktab qurilishi belgilandi va loyihalash ishlarni amalga oshirish maqsadida tender e'lon qilindi.  Unda “Andijonfuqaroloyiha” MCHJ g'olib deb topildi va ayni paytda zimmaga olgan vazifalarni shartnoma asosida bajarishga kirishdi.

Jizzax viloyati Baxmal tumanida esa “Saroy” MFYdagi umumta'lim maktabidagi mavjud sharoitlar bugungi kun talablariga mutlaqo javob bermasligi aniqlangan. Shu bois maktabda kapital ta'mirlash ishlari olib boriladigan bo'ldi.

Tumandagi 5 ta MFYda toza ichimlik suv, yana uchtasida elektr energiyasi, ko'prik va ichki yo'llarni ta'minlash uchun loyihachi tashkilotlar uchun tanlovlar e'lon qilinadi.

Davlatimiz rahbarining yuqorida nomi zikr etilgan qarorida belgilanganidek, har bir viloyatdagi qishloqlar aniqlangandan so'ng ularning tegishli subloyihalari bo'yicha texnik-iqtisodiy hisoblar ishlab chiqilyapti va ekspertizadan o'tkazilyapti. Farg'ona, Andijon, Namangan, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari buyurtmachi hisoblanadi. Loyihani amalga oshirish guruhi bilan ushbu kompaniyalar o'rtasida hamkorlik kelishuvlari imzolanadi. Vodiy viloyatlarida mahalla taraqqiyot guruhlari faollari ishtirokida o'tkazilgan tender jarayonlari yakunlandi.

Qayd etish joiz, loyiha doirasida Jahon bankining qat'iy ekologik va ijtimoiy tamoyillari qo'llaniladi. Bunda mahallalarda yashovchi aholining mehnat va xususiy mulk bo'yicha huquqlarini ta'minlash hamda  himoya qilishni ham nazarda tutadi. Umuman olganda, mazkur ishlardan 1 million 330 mingdan ortiq qishloq aholisi manfaat ko'rishi kutilmoqda.

Murojaatlarni amalga oshirishning samarali mexanizmi yo'lga qo'yilgan. Loyihada ishtirok etayotgan qishloqlarda murojaat qutilari o'rnatilgan, aholi o'z fikr-takliflarini mobil rasmiy veb sahifa va ishonch telefonlari orqali ham bidirishi mumkin.

Ayni paytda ushbu mexanizmni yanada takomillashtirish maqsadida telegramm tarmog'ida murojaatlar profili va rasmiy veb sahifada onlayn chat ochildi. Loyihani amalga oshirish guruhidan biriktirilgan mas'ul mutaxassislar ularni doimiy ravishda kuzatib boradi.

Abdurauf QORJOVOV,

iqtisodiy sharhlovchi