Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) hamda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirish bo'yicha ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka etkazish maqsadida davra suhbati bo'lib o'tdi. Qayd etish lozimki, mazkur loyiha “YOshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi”ning 23-bandida belgilangan edi.
Ta'kidlanganidek, Mamlakatimizning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha kengashiga a'zo bo'lgani ham davlatimiz zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni astoydil bajarish va inson huquqlarini global miqyosda himoya qilishga qat'iy bel bog'laganidan dalolatdir.
Davlat rahbarining dunyoning eng nufuzli inson huquqlari himoyachisi bo'lgan tashkilot minbaridan turib Qiynoqlarga qarshi konventsiyaning fakul`tativ protokolini ratifikatsiya qilinishi va bu borada hamkorlikda ishlash maqsadida Qiynoqlar masalasi bo'yicha maxsus ma'ruzachini O'zbekistonga taklif etishga tayyorgarlik ko'rilayotganini bildirdi. Bu esa O'zbekiston xalqaro maydonda ochiqlik siyosatini ilgari surayotganidan dalolat.
Tadbirda so'z olgan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) Feruza eshmatova O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Ombudsman zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga kirishilgani, Ombudsman huzuridagi qiynoqlarning oldini olish bo'yicha Milliy preventiv mexanizm doirasida jazoni ijro etish muassasalari, tergov xibsxonalari va boshqa yopiq muassasalarga jamoatchilik vakillari hamda OAV ishtirokida monitoring tashriflari amalga oshirib kelinayotgani va quvonarlisi, yilma-yil ushbu muassasalarda ijobiy o'zgarishlar bo'layotganini qayd etdi.
Inson huquqlari muammosi bugungi kunda insoniyat oldida turgan eng dolzarb muammolardan biridir. Aynan inson huquqlarining ta'minlanganlik darajasi bilan davlatning demokratik rivojlanganlik darajasi o'lchanadi Inson huquqlari muayyan bir mamlakatda demokratik-huquqiy davlat barpo etish siyosatining o'ziga xos barometri hisoblanadi.
“Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirish” bo'yicha ishlab chiqilgan qaror loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirilib xalqimiz muhokamasidan o'tdi. Davra suhbatida mazkur ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasining mazmun-mohiyatiga to'xtalib o'tildi.
Qayd etilganidek, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo'yicha jamoatchilik guruhlari tarkibini kengaytirish, qolaversa, jamoatchilik guruhlariga ekspertlarni jalb qilish kasbiy malaka, tajriba hamda gender tengligi bo'yicha mezonlar belgilanadi.
Bundan tashqari, qiynoqning oldini olish faoliyati samaradorligini oshirish bo'yicha “Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarning yagona reestri” elektron tizimini yuritish yo'lga qo'yiladi. Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar telefon orqali, shu jumladan, videokonferentsaloqa rejimidan foydalangan holda murojaat qilishi mumkin bo'lgan Ombudsmanning “call-markazi” (murojaatlarni telefon orqali qabul qilish markazi) hamda veb-saytida maxsus rukn tashkil qilinadi.
SHuningdek, O'zbekiston Respublikasi Jinoyat, Jinoyat protsessual va Jinoyat-ijroiya kodekslarining yangi tahrirdagi loyihalari ishlab chiqiladi. Unda qiynoqning oldini olish tartibi, qiynoqdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko'rsatish, qiynoq jinoyatini sodir etgan shaxslarga nisbatan shartli hukm qilish, jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, jazoni engilrog'i bilan almashtirish, javobgarlikka tortish muddatining o'tganligi, amnistiya institutlarining qo'llanilmasligi nazarda tutilmoqda.
Yana bir jihat. Muhokamaga qo'yilgan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori loyihasi qiynoqning oldini olish bo'yicha milliy tizimni umume'tirof etilgan xalqaro-huquqiy standartlarga muvofiqlashtirilishiga xizmat qilishi ta'kidlandi.
Shuningdek, davra suhbatida mazkur yo'nalishda amalga oshirilishi zarur bo'lgan jihatlarga e'tibor qaratilib, tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati