Majlisda senatorlar soʻnggi yillarda fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash holatlariga mutlaqo yoʻl qoʻymaslik maqsadida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotganligini qayd etdi.
Ushbu qonun ham mazkur ijobiy ishlarning mantiqiy davomi ekanligi taʼkidlanib, hujjatni qabul qilish zaruratlari muhokama qilindi.
Xususan, qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam koʻrsatilishi hamda ularga yetkazilgan zararning kompensatsiya qilinishini taʼminlash, bunda qiynoqdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan jismoniy va ruhiy zarar, moddiy zarar yoki boy berilgan foyda, maʼnaviy zarar, yuridik yordam, dori vositalari va tibbiy xizmat, psixologik va ijtimoiy xizmatlar uchun qilingan xarajatlar toʻlab berilishi taʼkidlandi.
Shuningdek, Oʻzbekiston BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasini 1995-yilda ratifikatsiya qilgani, mazkur qonun bilan inson huquq va erkinliklari sohasida, shu jumladan, qiynoqlarga yoʻl qoʻymaslik uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratishga doir xalqaro majburiyatlarini bajarish yoʻlida tizimli, izchil va bosqichma-bosqich chora-tadbirlarni davomiy amalga oshirib kelinayotganligi maʼlum qilindi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2021-yil 22-fevral kuni BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi 46-sessiyasida milliy preventiv mexanizmni takomillashtirish BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi Fakultativ protokolining Oʻzbekiston tomonidan ratifikatsiya qilinishining amaliy natijasi ekanini taʼkidladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.