Bekobod shahar “Farhod” chegara postida Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi, viloyat bojxona boshqarmasi hamda tegishli organlar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida navbatdagi huquqbuzarlik holatiga chek qoʻyildi.
1989-yili tugʻilgan Tojikiston Respublikasi fuqarosi Y.B. Oʻzbekiston Respublikasidan Tojikiston Respublikasiga 400 dona Oʻrta Osiyo choʻl toshbaqasi olib ketayotgan vaqtda Bekobod shahar “Farhod” chegara postida toʻxtatib qolindi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ushbu toshbaqa turining tabiiy populyatsiyasini saqlab qolish maqsadida “Qizil kitob”ga kiritilgan boʻlib, mamlakatimizning barcha adirliklarida uchraydi.
Xususan, u mustahkamlashgan qumlar, sertuproq choʻllarda yashab, togʻ sharoitida hatto dengiz sathidan 1 ming 300 metr balandlikkacha koʻtariladi. Baʼzan vodiydagi siyrak maysa dashtlar va qishloq xoʻjaligi yerlari, shudgor, poliz va dalalarda ham uchraydi.
Hozirda huquqbuzarlarga qonuniy baho berish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, sud organlariga yuborish choralari koʻrilmoqda. Toshbaqalar esa Zangiota tumanida joylashgan “Tabiat bagʻrida” pitomnigiga vaqtincha saqlash uchun berildi.