Noyob lochinlarni noqonuniy saqlab turgan huquqbuzar 620 million soʻmdan ortiq jarima toʻlaydi

    Toshkent viloyati Chinoz tumanida fuqaro Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan lochinlarni noqonuniy ravishda saqlayotgani aniqlandi.

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi xabariga koʻra, u hayvonot dunyosiga yetkazilgan 620 million 884 ming soʻmlik zararni jarima sifatida toʻlaydi.

    Oʻtkazilgan reyd tadbirlari natijasida Qizil kitobga kiritilgan yovvoyi qushlar turiga mansub bir dona Sapsan va bir dona Jigʻoltoy lochini noqonuniy ravishda ushlanib, panjarali qafasda tutqunlikda saqlanayotgani maʼlum boʻlgan.

    Qushlar huquqbuzardan olib qoʻyilib, vaqtincha saqlash uchun Toshkent hayvonot bogʻiga topshirilgan.

    Qayd etilishicha, “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi hamda “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar buzilgan. Natijada hayvonot dunyosiga 620 million 884 ming soʻm zarar yetkazilgan.

    Ish yuzasidan yigʻilgan barcha hujjatlar holatga huquqiy baho berish va tegishli chora koʻrish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan.