Dastlab Yozuvchilar uyushmasi Navoiy viloyat boʻlimi va Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi rahbarlari oʻrtasida hamkorlik memorandum imzolandi. Shundan soʻng, mushoira boshlandi. Unda yigʻilganlar ilk chiqishni Zomin seminari ishtirokchisi Faxriyor Baxtiyorovni qarshiladi.
Shoirning hazil-mutoyibaga boy sheʼrlari barchaga tabassum ulashdi, kayfiyatni koʻtardi. Zomin seminari ishtirokchisi Sardor Salimov hamda ijodkorlar Feruz Neʼmatullayev, Goʻzal Sharipova, Mohinabonu Tohirova, Eʼzoza Umrzoqova, Quvonchbek Gʻaybullayev, Mahbuba Islomova, Charos Rahimqulovalarning sheʼrlari olqishlarga va ustozlar eʼtirofiga sazovor boʻldi.
Dillarida yoshlik shijoati va sheʼr zavqi joʻsh urgan ustozlar Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari Odil Hotamov, Salima Umarova, ijodkorlar Istam Hamro, Istam Hasanov, Dilbar Razzoqova, Oʻraloy Turdiyeva ham eng sara sheʼrlaridan oʻqidilar. Ustozlar yoshlar ijodi yuzasidan iliq fikrlar bildirishdi.
Sheʼriyat oqshomida eng sara ijodkorlar va eng yaxshi sheʼrlar eʼtirof etildi. Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi loyihasi asosida tayyorlangan “Qizilqum oqshomlari” navoiylik ijodkorlar mushoirasi adabiyot, soʻz sanʼati, badiiy ijodni tarannum etdi.
Ustozlar oʻgiti, saboqlarini olish imkonini berdi, shuningdek viloyat adabiy muhitini rivojlantirishda muhim qadam boʻldi. Bu qutlugʻ qadamlar tumanlar kesimida davom ettirilib, viloyatning olis choʻl hududlari, ovullar, togʻ va togʻ oldi tumanlarda yangidan yangi ovozlarni kashf etajak!
Hulkar Gʻafforova,
Yozuvchilar uyushmasi Navoiy viloyat
boʻlimi bosh mutaxassisi