Qiziltepa tumanida “Hokimlik bogʻi” tashkil etildi

    Aksiya davomida 5 gektar yer maydoniga 1000 tup pavlovniya, 500 tup katalpa koʻchatlarini ekish ishlari amalga oshirildi.

    Mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlgani singari Navoiy viloyatida ham shu kunlarda «Yashil makon» umummilliy loyihasining bahorgi mavsumi qizgʻin davom etmoqda.

    Bugun Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida xizmat safari bilan Navoiy viloyatiga keldi.

    Shu oʻrinda aytish oʻrinliki, davlatimiz rahbari 2022-yilning 25-noyabr kuni Navoiy viloyatiga tashrifi davomida viloyatni respublikaning namunaviy hududiga aylantirish boʻyicha yangi tashabbuslarni ilgari surib, «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirishda «Navoiy tajribasi»ni joriy etish boʻyicha topshiriqlar bergan edi.

    Mazkur tashabbus ijrosini oʻz vaqtida taʼminlash maqsadida tumanlarda 5 gektardan kam boʻlmagan hududlar aniqlanib, ekiladigan koʻchatlar uchun yer tayyorlash, sugʻorish tizimini yoʻlga qoʻyish, yerni mahalliy oʻgʻitlar bilan boyitish choralari koʻrildi.

    Hududlardagi har bir korxona, tashkilot, muassasa va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning daraxt ekish boʻyicha rejasi belgilab olindi. Bunda daraxt koʻchatlarini ekish ishlari sugʻorish tizimini inobatga olgan holda rejalashtirildi.

    Navoiy viloyatida shuningdek, har bir mahalliy hokimlik tomonidan «Hokimlik bogʻ»lari, vazirlik va idoralarga tegishli hududlarda «Vazirlik bogʻi»ni barpo qilish ishlari ham boshlab yuborildi.

    Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov Qiziltepa tumanining «Malikobod» MFY hududida tashkil etilayotgan «Hokimlik bogʻi»da boʻlib, viloyat va tuman hokimligi, keng jamoatchilik vakillari qatorida koʻchat ekish aksiyasida ishtirok etdi.

    Ushbu aksiya davomida 5 gektar yer maydoniga 1000 tup pavlovniya, 500 tup katalpa koʻchatlarini ekish ishlari amalga oshirildi.