Ishchi guruh vakillari shu mahallaning Toshkent koʻchasidagi 5-uyda yashaydigan kam taʼminlangan oila holidan xabar oldi. U yerda 92 yoshli Marhamat aya ikki qizi bilan birga istiqomat qiladi. Keksaligi bois onaxonning salomatligi yomonlashib, koʻzlari koʻrmay qolgan. Katta qizi 71 yoshli Salomatxon aya esa nevrologik hastalik tufayli toʻshakka mixlanib qolgan. Xayriyatki, ikkinchi qizi Karomatxon aya ularning koriga yarab turibdi. Biroq keyingi paytlarda onasi va opasini parvarishlayotgan insonning sogʻligʻida ham ayrim muammolar yuzaga kela boshlagandi.
Poytaxtdan kelgan kutilmagan mehmonlar ularning salomatligini koʻzdan kechirishdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari Laziz Toʻychiyev hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi masʼul xodimlari uy egalari bilan samimiy suhbat qurdi. Ularning dardu tashvishlarini tinglab, salomatligini mustahkamlash, xonadon saranjom-sarishtaligi va uylarni taʼmirlash borasida tegishli masʼullarga koʻrsatmalar berildi.
— Dunyodagi eng katta boylik — inson salomatligi ekan. Bemor boʻlgach, uning qadriga koʻproq yetdik, — deydi yetmishinchi bahorini qarshi olayotgan Karomatxon aya Isoqova. — Bizning holimizdan xabar olish uchun kelgan salomatlik posbonlariga chin dildan tashakkur bildiramiz. El baxtu saodati yoʻlida gʻamxoʻrlik koʻrsatayotgan davlatimizga ming rahmat!
Ishchi guruh aʼzolari va bir guruh shifokorlar shu koʻchadagi 13-uyga ham kirishdi. Bu yerda tugʻma yurak nuqsonidan aziyat chekayotgan Muattar Muqimovaning salomatligi tibbiy tekshiruvdan oʻtkazildi. Onasi Muqaddas Orifjonova bilan qizining yuragini davolash boʻyicha suhbatlashildi. Yuqori texnologik qurilmalar vositasida bemorni chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va tekshiruv yakunlariga qarab, davolash choralarini belgilash borasida tavsiyalar berildi.
— Qizimning sogʻligʻidan qaygʻurib, xonadonimizga poytaxtdan professorlar kelishi yetti uxlab, tushimga ham kirmagandi, — deydi M. Orifjonova. — El dardiga darmon boʻlayotgan, surunkali kasallikka chalinganlarni oyoqqa turgʻizish uchun mahalla kezayotgan mehridaryo shifokorlar oldida taʼzimdaman.
Mahallabay kesimidagi aksiya doirasida shaharning olis Bunyodkor mahallasidagi Mashhura Toshxoʻjayeva xonadoniga ham kirildi. Xonadonda voyaga yetayotgan yetim farzandlarning sogʻligʻi tibbiy tekshiruvdan oʻtkazildi. Ularda aniqlangan kasalliklarni barvaqt davolash boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.
— Elparvar mamlakatimizda beva-bechora kishilar, yetim-yesirlarga koʻrsatilayotgan alohida gʻamxoʻrlik, xayru sahovat ishlari koʻlami ortib bormoqda, — deydi Mashhura Toshxoʻjayeva. — Tibbiyot sohasi fidoyilarining bu boradagi saʼy-harakatlari tahsinga loyiq.
Xayrli ishlar bardavomdir. Har kuni viloyatdagi yuzlab kam taʼminlangan, “Temir daftar”ga kiritilgan insonlar xonadoniga kirib borayotgan yuz ellik nafardan ziyod sogʻliqni saqlash tizimi masʼul hodimlari hamda respublikamizning ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlaridan kelgan shifokorlar hastahol aholi vakillarini tibbiy koʻrikdan oʻtkazayapti.
Bemorlarni viloyatdagi va poytaxtimizdagi tibbiyot markazlarida darddan xalos etish choralari koʻrilmoqda. Xalq baxtu saodati yoʻlidagi bu ezgu amallar yurtdoshlarimizni behad mamnun etmoqda.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.