Bu haqda Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, delegatsiya tarkibiga hokim oʻrinbosarlari, shuningdek, 30 dan ortiq yirik tadbirkor va investorlar kiritilgan. Safarning asosiy maqsadi eksport salohiyatini oshirish, oʻzaro savdo aylanmasini kengaytirish va investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.

Tashrifning ilk kuni Qobul shahrida Afgʻoniston Sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy bilan rasmiy uchrashuv boʻlib oʻtdi. Shuningdek, tashkil etilgan biznes-forum ikki tomon tadbirkorlari oʻrtasidagi hamkorlikka yangi surʼat bagʻishladi.

Forum doirasida B2B muloqotlar oʻtkazilib, qator aniq loyihalar boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, Afgʻoniston Savdo va investitsiyalar palatasi raisi Said Karim Hoshimiy bilan muzokaralar oʻtkazilib, ular yakunida hamkorlik kelishuvlari imzolandi.

Delegatsiya tashrifi davomida Mozori Sharif shahrida oʻzbek mahsulotlari koʻrgazmasini tashkil etish rejalashtirilgan boʻlib, unda milliy mahsulotlar sifati va xilma-xilligi namoyish etiladi. Shuningdek, Balx viloyatiga tashrif buyurib, mahalliy hokimiyat va biznes vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazilishi kutilmoqda.

Tashrif doirasida yana bir muhim voqea sifatida Qobul shahrida Namangan viloyati hokimligining rasmiy vakolatxonasi ochildi va uning birinchi kengash yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Taʼkidlashicha, mazkur tashrif Namangan viloyati sanoat va agrar mahsulotlari uchun yangi bozorlar ochish, eksport hajmini oshirish hamda ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam boʻlmoqda.