Toshkentning toza suvga boʻlgan ehtiyojini deyarli toʻliq Qibray tumanida joylashgan “Qodiriya” gidrotarmogʻi qondiradi. Faqat Bektemir tumani suvni yer osti quduqlaridan isteʼmol qiladi.

“Qodiriya” gidrotarmogʻi 1969-yilda qurilgan boʻlib, dastlab sutkasiga 250 000 m3 suvga ishlov berish quvvatiga ega boʻlgan. Keyinchalik rekonstruksiya natijasida obyekt quvvati bir necha barobarga oshgan.

Suvni tozalash jarayoni uning rangini tiniqlashtirishdan boshlanadi. Boʻzsuv suvlari ikkita katta suv havzasiga tushadi va ularda uning loyqalik darajasi 8-10 mg/dm3gacha pasayadi. Bu suyuq achchiqtosh yordamida amalga oshirilib, u loy va tortilgan zarrachalarni bogʻlab, pastga tushiradi. Pastga tushgan choʻkindilar suzuvchi nasosli moslama orqali tortib olinadi va kanalga suv tushirish quvurlari yordamida tushiriladi. Tiniqlashtirishdan keyin, mikroorganizmlar filtrlarni ifloslamasligi uchun suvning birlamchi xlorlanishi amalga oshiriladi va ikkita katta quvvatli nasos stansiyalari suvni filtrlashga uzatadi. Filtrlashga moʻljallangan ikki binoning har biri uchta boʻlimdan iborat boʻlib, ularda umumiy 6 710 m2 maydonga ega 48 ta filtr ishlaydi. Filtrlar ikkita – ushlab qoluvchi va filtrlovchi qatlamlardan iborat boʻlib, sutkasiga bir marotaba yuviladi. Yuvish suvi oqava tizimiga toʻkiladi, filtrlangan, toza suv esa katta diametrli suv tarmoqlari orqali chuchuk suv rezervuarlariga uzatiladi. Bundan soʻng ikkilamchi xlorlash ishlari amalga oshirilib, suv tozalashning texnologik jarayoniga yakun yasaydi. Bundan soʻng tayyor toza suv 1 400 dan 2 000 mm gacha diametrdagi quvurlar orqali shahar suv taʼminoti tizimiga uzatiladi.
Har bir bosqichda suv sifati kimyo-bakteriologiya laboratoriyasi xodimlari tomonidan 40 ta koʻrsatkich boʻyicha nazorat qilinadi. Masalan, tarkibdagi kislorod, metallar va ularning tuzlari miqdori, suvning shaffofligi va hidi. Tarkibdagi qoʻshimchalar miqdori OˈzDst 951-2011 bilan belgilangan boʻlib, talablar qatʼiy bajariladi. Bu jarayon Toshkentdagi ichimlik suvining tozaligini kafolatlashga xizmat qiladi.

“Qodiriya” gidrotarmogʻi Toshkentdan yuqorida joylashgan, shuning uchun suvni shaharga yetkazish uchun nasoslar zarur emas, suv oʻzi oqib keladi – sathlar oʻzgarishi shahar markazi bilan taqqoslaganda 50 metrga, Sergeli tumani bilan taqqoslaganda esa 70 metrga yaqin.

Shuningdek, gidrotarmoq bilan birgalikda sanitariya-ekologiya xizmati faoliyat yuritib, Boʻzsuv oqimi boʻylab sohillarni axlat va zararli chiqindilar mavjud yoki yoʻqligini nazorat qilib boradi. Suvni ifloslash manbalari yopiq yoki sohillardan uzoqlashtirilgan.

Ushbu maʼlumotlar “Oʻzsuvtaʼminot” AJ va “Toshkent shahar suv taʼminoti” MCHJ tomonidan “Qodiriya” gidrotarmogʻining ishi bilan tanishtirish jarayonida taqdim qilindi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.