Qoidalarni mensimay harakatlangan “Kamaz”lar jarima maydoniga joylashtirildi

    Ijtimoiy tarmoqlarda 3 ta “Kamaz” rusumli yuk mashinasi haydovchilari va "Spark" rusumli avtomashina haydovchilari yoʻl harakati qoidalarini buzib svetoforning taqiqlovchi qizil chirogʻida harakatlanganligi aks etgan video tarqaldi.

    Holat boʻyicha Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati maʼlumot berdi.

    Qayd etilishicha, tarmoqlarda tarqalgan video Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan oʻrganilib, 3 ta “Kamaz“ rusumli yuk mashina haydovchilari:

    1988-yilda tugʻilgan haydovchi B.M, 1996-yilda tugʻilgan haydovchi B.D va 2003-yilda tugʻilgan haydovchi X.J.lar ekanligi aniqlandi.

    Haydovchilarning hujjatlari va transport vositalarining texnik holati koʻzdan kechirilganda “Kamaz” rusumli yuk mashinasi haydovchilari texnik nosoz boʻlgan transport vositasini boshqarib yurganligi maʼlum boʻldi.

    Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ularga nisbatan oʻrnatilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi MJTK ning 125-moddasiga muvofiq maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

    Yuk mashinalar esa vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirildi hamda haydovchilar bilan profilaktik suhbat olib borildi.