Final bahslarida Milliy terma jamoamiz birinchi oʻrinni egalladi.
Oʻzbekiston milliy terma jamoasining 32 nafar qoʻl jangi sporti ustalari musobaqada yurtimiz shaʼnini munosib himoya qildi. Tatamida ayollar 7 ta, erkaklar esa 8 ta vazn toifasida jang olib bordilar.
Xalqaro musobaqada dunyoning 30 ta mamlakatidan 300 ga yaqin sportchilar qatnashdi.
Mazkur bahsning yakuniy natijalarga koʻra, sportchilarimiz umumjamoa hisobida 7 ta oltin, 4 ta kumush va 12 bronza medalini qoʻlga kiritib, Milliy terma jamoani shohsupaning birinchi pogʻonasiga olib chiqdi. Ikkinchi oʻringa Rossiya Federatsiyasi jamoasi, uchinchi oʻringa Janubiy Osetiya sportchilaridan tashkil topgan jamoa musharraf boʻldi.
Maʼlumot oʻrnida shuni alohida taʼkidlab oʻtish joizki, qoʻl jangi boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasining “Jahon kubogi” final bahslaridagi ishtiroki 2011-yilda AQSH da boʻlib oʻtgan. Musobaqada milliy terma jamoa umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egallagan. Shundan soʻng jamoa aʼzolari nufuzli musobaqalarda bir necha bor ishtirok etib, 2019-yilda Germaniya, 2020-yilda Belorussiya, 2021-yilda Rossiya Federatsiyasida oʻtkazilgan final janglarida 2 oʻringa sazovor boʻlgan.
Bu yil esa Milliy terma jamoa “Jaxon kubogi” final bahslaridagi gʻoliblik anʼanasini qayta tikladi.
— Sportchi va murabbiylarga kelgusidagi faoliyatlarida doimo ulkan zafarlar yor boʻlishini tilagan holda, gʻalabangiz muborak boʻlsin, deya ularni chin koʻngildan samimiy tabriklayman, – deydi, Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlari qoʻl jangi federatsiyasi raisi, Milliy gvardiya qoʻmondoni R.Djurayev.
Gulichehra Durdiyeva,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri