Ayniqsa, bu erda qo'lda to'qilayotgan, o'zida milliylikni aks ettirgan turli o'lchamdagi gilamlar bejirimligi bilan e'tiborni tortadi. Har biri san'at asari darajasidagi bu gilamlar asosan xorijga eksport qilinyapti hamda o'rtacha 1 000 — 2 500 dollargacha baholanyapti.

Korxonada 20 nafardan ortiq yosh ish bilan band. Ular qo'lda gilam to'qish mahoratini tajribali hunarmandlardan o'rgangan.

Oddiy yog'ochlardan tayyorlangan gilam to'qish dastgohlarida mo'jizakor qo'llar rangdor tolalarni milliy ko'rinishdagi manzaralar, betakror naqshlar uyg'unligidagi bejirim gilamga aylantirishi uchun anchagina vaqt, hatto, bir oy sarflashadi. Ammo ketgan vaqt va xarajat o'zini bir necha hissa qoplaydi.

Tarixdan ma'lumki, o'tmishda vohada gilamlar xuddi shu usulda tayyorlangan va karvonlar vositasida yetti iqlimdagi shaharlarga yetkazib berilgan.

Qadim hunarmandchilikning qayta tiklanishi nafaqat qiziquvchan yoshlarni ish bilan ta'minladi, balki tadbirkorga eksport uchun yo'l ochdi.

Shuningdek, bu yerda adras matosi ham to'qilib, uning bir qismi ichki, bir qismi esa tashqi bozorga chiqarilyapti.

                                                    Ro'zimboy Hasan,

«Yangi O'zbekiston» muxbiri.