Qon quyuqlashishi va oqqon kasalliklari qanchalik xavfli?

    Salomatlik 18 Oktabr 2020 15104

    Leykozni davolash uchun nega koʻp mablagʻ sarflanadi? Oʻzbekistonda donorlik ishlari qanday tashkil etiladi, bemorlar uchun qon zaxirasi yetarlimi? Qon quyuqligi qanday oqibatlarga olib keladi? Ushbu savollarga tibbiyot fanlari doktori Abdurahmon Qayumov javob beradi.

    — Koronavirusga chalingan bemorlarning ahvoli qon quyuqlashishi oqibatida ogʻirlashmoqda. Aslida qon quyuqligining inson salomatligiga qanday taʼsiri bor?

    — Ayrim holatlarda xastalik yoki tashqi omillar sabab qonimiz tarkibi buziladi va uning keragidan ortiq quyuqlashib ketishi yoki, aksincha, suyuqlashishi kuzatiladi. Qonning quyuqlashishi tomirlarda qon aylanishining buzilishi va trombozlar hosil boʻlishiga sabab boʻladi. Bu esa, oʻz navbatida, insult va infarktga chalinish ehtimolini orttiradi. Qon tarkibining suyuqlashishi esa qon ketishi, bemor tanasida koʻkarish va qon talashlar paydo boʻlishiga olib keladi. Ikki holatda ham tezda tibbiy ehtiyot choralarini koʻrish zarur.

    — Ogʻir xastalar va kutilmagan baxtsiz hodisaga uchragan shaxslarga doim ham donor qoni topilavermaydi. Umuman, mamlakatimizda bemorlarga qon quyish ishlari, qon zaxirasi haqida soʻzlab bersangiz.

    — Qon zaxirasiga boʻlgan talab hamisha yuqori boʻlgan. Shu bois, qon topshirish aksiyalari tez-tez amalga oshiriladi. Albatta, bu amaliyot kimlarningdir hayotini saqlanib qolinishiga sabab boʻladi. Mana shunday targʻibot-tashviqot ishlarini koʻpaytirish, ommalashtirish kerak.

    Leykoz bilan kasallangan bemorlarga yoki kamqonligi boʻlgan bemor bolalarimizga koʻp miqdorda qon komponentlari talab etiladi. Shuni hisobga olgan holda butun Oʻzbekiston xalqiga donor boʻling, deb murojaat qilgim keladi. Favqulodda holatlarda qon komponentlari Respublika, viloyat va shahar qon markazlari zaxiralaridan taʼminlanadi. Donorlarning qoni bilan yana zaxira toʻldiriladi.

    — Oqqon kasalligining qaytalanish sabablari aniqlanganmi?

    — Leykoz qaytalanishining aniq sabablari nomaʼlum. Lekin davoga toʻliq rioya qilmagan bemorlar orasida bunday holat koʻp uchraydi. Baʼzi ota-onalar tibbiyotga ishonmay tabibga murojaat qiladi. Natijada qimmatli vaqti behuda sovrilib, kasallik ogʻirlashadi va oʻta ogʻir ahvolda shifoxonaga yotqiziladi.

    — Ijtimoiy tarmoqlarda leykoz bilan ogʻrigan bemorlarning dori-darmoni uchun xayriya uyushtirish borasidagi eʼlonlarga koʻp bora koʻzimiz tushgan. Aytingchi, leykozga davo sifatida ishlatiladigan preparatlar shu darajada qimmatmi?

    — Hozirgi kunda leykoz kasalligining diagnostikasi molekulyar-genetika koʻrsatkichlari bilan birgalikda uning monitoringi ham amalga oshiriladi. Bu yangi, zamonaviy, yuqori texnologik davo usullarini qoʻllashni talab etadi. Ushbu davo usulida dori vositalari – sitostatiklarni qoʻllashga toʻgʻri keladi. Shu bois ham onkogematologik kasalliklarni davolash butun dunyoda katta mablagʻ talab etadi.

    Butun dunyoda onkogematologik bemor bolalarni davolashda homiylar, volontyorlar, turli nodavlat jamgʻarmalar mablagʻlari jalb etiladi.

    Bundan tashqari kimyoterapiya muolajalaridan soʻng bemorga koʻp miqdorda qon komponentlari – eritrotsitar massa, trombokonsentrat, yangi muzlatilgan plazma kerak boʻladi. Shu bilan bir qatorda boshqa organlarda kasalliklar kelib chiqishining oldini olishga qaratilgan, shuningdek, bakteriya, virus va zamburugʻlarga qarshi qaratilgan profilaktik davo terapiyasini amalga oshirishga toʻgʻri keladi. Bular ham oʻz navbatida katta mablagʻ talab qiladi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.